Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Samarqand viloyati hokimligi mas’ullari va Jahon bankining “O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” (MUNIS) loyihasi vakillarining uchrashuvi o‘tkazildi.
Uchrashuvda innovatsion va startap loyihalarni moliyalashtirishning Samarqand tajribasi, amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar, Samarqand viloyatini innovatsion xabga aylantirish, yirik ishlab chiqarish korxonalarida R&D markazlarini tashkil etish hamda kelgusida viloyatning innovatsion infratuzilmasini yaxshilash masalalari muhokama qilindi.

Jahon banki vakillari “Samarqand yoshlar texnoparki” faoliyati bilan ham tanishdi.
***
Samarqand shahri va Xitoyning Lanchjou hamda Rossiyaning Ryazan shaharlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumantar hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumlari imzolandi.

Samarqand shahar hokimi F.Umarov Ryazan va Lanchjou shaharlari rahbarlari bilan uchrashuvda qadimiy va hamisha navqiron kentning iqtisodiy imkoniyatlari, turistik salohiyati va madaniy hayoti haqida ma’lumot berib, Rossiya va Xitoydagi tarixiy shaharlar bilan do‘stona aloqalarni yo‘lga qo‘yish tomonlar uchun manfaatli bo‘lishini ta’kidladi.
***
TATU Samarqand filialida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Aziz Said, Dilshod Rajabov va Orif To‘xtashev bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Ijodkorlar talabalar bilan samimiy muloqotga kirishib, o‘z yoshlik yillari, mehnat faoliyati haqida gapirib, ijod namunalaridan o‘qishdi.
***
Samarqand tumanida “Bir bo‘lsak – xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz” shiori ostida ma’naviy tadbirlar o‘tkazildi.

Ijodkorlar bilan uchrashuvlar, sport musobaqalari va tanlovlar yakunida tuman markazidagi Gulobod qo‘rg‘onida kapital ta’mirlangan amfiteatrda taniqli san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri