Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Hokim “Jasorat maktabi”da
Shu kunlarda Samarqanddagi Qurolli Kuchlar kichik mutaxassislarni tayyorlash markazida viloyatning shahar va tumanlarida profilaktik hisobda turgan hamda tarbiyasi og‘ir, uyushmagan yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitish maqsadida navbatdagi “Jasorat maktabi” o‘quv-yig‘ini o‘tkazilmoqda.

Viloyat hokimi E.Turdimov yig‘inda ishtirok etayotgan yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, ularning murojaatlarini eshitdi. Yoshlarni o‘ylantirayotgan masalalar, muammolarga yechim topish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.
Oqdaryodagi maktabga 250 million so‘m mukofot beriladi
Prezident sovrini uchun o‘tkazilayotgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda tanlovda shahar va tuman bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 16 maktab jamoasi tarkibida 80 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.
Qiziqarli bahslar yakuniga ko‘ra, birinchi o‘rin va 250 million so‘mlik vaucherni Oqdaryo tumanidagi 45-umumta’lim maktabi o‘quvchilari qo‘lga kiritdi. Ishtixon tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi jamoasi ikkinchi va Kattaqo‘rg‘on shahridagi 14-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi vakillari uchinchi o‘rinni egalladi. Ularga 200 va 150 million so‘mlik pul mukofotlari beriladigan bo‘ldi.
Sektor rahbarlari va kotiblari tajriba almashmoqda
Viloyat hokimligi tashabbusi bilan tuman va shaharlar sektorlari rahbarlari va kotiblari uchun navbatdagi amaliy seminarlar boshlandi.

Birinchi sektorlar mas’ullari ishtirokidagi tadbir Bulung‘ur tumanida o‘tkazildi. Ishtirokchilar tumanning 1-sektorida aholi murojaatlari bilan ishlash, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Viloyatdagi uchinchi sektor rahbarlarining shu kabi seminari Jomboy tumanida o‘tkazildi.
Eng yaxshi hamshiralar aniqlandi
Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Hamshira–2024” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida viloyatdagi tibbiy muassasalarda faoliyat ko‘rsatayotgan 13 nafar hamshira besh shart bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.

Tanlov yakuniga ko‘ra, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali hamshirasi Nodira Melikova birinchi o‘rinni egallab, mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.
Shuningdek, bir guruh soha xodimlari “Yilning eng yaxshi o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimi” tanlovining turli nominatsiyalari bo‘yicha mukofotlandi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari