Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Rahbar va yoshlar uchrashuvi
DXX Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i A.Ahmedov Oqdaryo va Bulung‘ur tumani yoshlari bilan uchrashdi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvlarda yoshlarning murojaatlari, taklif va tashabbuslari eshitildi. Oqdaryolik yoshlar bilan 2023-yilda o‘tkazilgan uchrashuvda qayd etilgan 20 ta murojaat ijobiy hal etilgani ta’kidlanib, hech bir yoshning muammosi e’tibordan chetda qolmasligi aytildi.
Bulung‘urdagi uchrashuvda Gulobod mahallasida yashovchi Guljahon Sulaymonova xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash uchun mahallasida tikuv sexi ochishda yordam so‘radi. Guljahonga faoliyatini yo‘lga qo‘yib olishi uchun bankdan imtiyozli kredit ajratishda ko‘mak berilishi aytildi.
Ikki tumandagi uchrashuvda yoshlarning 30 dan ortiq murojaati qayd etildi.


“El-yurt umidi" jamg‘armasi stipendianti bilan videomuloqot
Urgut tumanidagi 93-umumta’lim maktabida ushbu maktabning sobiq o‘quvchisi, ayni paytda Avstriyaning Vena universiteti magistraturasida tahsil olayotgan Aziz Ortiqov bilan onlayn muloqot uyushtirildi.
Aziz 2017-2021-yillarda Toshkentdagi xalqaro Vestminstr universitetida o‘qigan. 2023-yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasi tanlovida g‘olib bo‘lib, magistraturani xorijda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Muloqotda Azizbek o‘z hayoti misolida fanlarni puxta o‘zlashtirish, xorijiy tillarni o‘rganishning ahamiyati, bugungi kunda yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor haqida gapirib berdi. Shuningdek, Avstriyadagi ta’lim tizimi, yoshlarning o‘qishga munosabati bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.
Azizbek erishgan barcha yutuqlarida o‘qituvchilarining hissasi beqiyos ekanligini ta’kidlab, birinchi o‘qituvchisi Maqsuda Xushvaqtova hamda boshqa ustozlariga minnatdorlik bildirdi. Maktab kutubxonasiga badiiy va til o‘rganish bo‘yicha kitoblar jamlanmasini sovg‘a qilib yuborganini aytdi.

Samarqand – MDHning madaniy poytaxti
Shu kunlarda Samarqand shahrida “Samarqand shahri 2024-yilda Hamdo‘stlikning madaniy poytaxti” tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Mazkur tadbirlarda ishtirok etish uchun MDHga a’zo davlatlar vakillari, jumladan, Ozarbayjon, Belarus, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda Turkmaniston jamoalari Samarqand shahriga yetib keldi.
MDH davlatlari o‘rtasida madaniy almashinuv, xalqlar va millatlar o‘rtasida o‘zaro do‘stlikni mustahkamlashga qaratilgan ushbu loyiha orqali O‘zbekistonning madaniyati va san’ati keng targ‘ib qilinadi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri