Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“Ko‘cha san’ati va musiqasi” loyihasi
Viloyat hokimining shu yil 3 yanvardagi qarorida “Ko‘cha san’ati va musiqasi" loyihasi amalga oshirilishi belgilandi. Bunda ko‘chada cholg‘u asboblari, rassomchilik va hunarmandchilik savdo rastalari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, qarorda har chorak yakunida 10 nafar faol ijodkor mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining kamida 20 baravari miqdorida pul mablag‘i bilan rag‘batlantirilishi belgilandi.
Qo‘shrabotlik yoshlar Xitoyda o‘qiydi
Qo‘shrabot tumani hokimligi va Xitoy Xalq Respublikasining Hebei texnologiya universiteti o‘rtasida erishilgan kelishuvga ko‘ra, universitet biznes boshqaruvi, marketing, aloqa muhandisligi, turizm va boshqa shu kabi o‘nga yaqin yo‘nalish bo‘yicha qo‘shrabotlik yoshlarni o‘z hisobidan o‘qitadi.
Ayni paytda talabgorlarni ro‘yxatga olish boshlangan. Ular fevral oyida xitoylik mutaxassislar tomonidan ingliz tilida suhbatdan o‘tkaziladi va sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan 40 nafar yosh Xitoyga jo‘nab ketadi. Dastlab ular universitet qoshidagi xitoy tilini o‘rgatish kurslarida ta’lim oladi. Sentyabr oyida mutaxassislik bo‘yicha darslar boshlanadi. O‘qish 3 yil bakalavr va 1 yil magistratura yo‘nalishida, jami 4 yil davom etadi.
Askar onalari sharaflandi
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari kichik mutaxassislar tayyorlash markazida “Askar onalarini sharaflaymiz!” shiori ostida tadbir o‘tkazildi. Unda Samarqand garnizonida yigitlik burchini o‘tayotgan qoraqalpog‘istonlik muddatli harbiy xizmatchilar Nukus shahri bilan onlayn bog‘lanib, onalari bilan bilan muloqot qildi.
Videomuloqot davomida onalar farzandlarini Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri