Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga borib, bu yerda davolanayotgan bolalar va ularning ota-onalaridan hol so‘radi.
Bemorlarga sovg‘alar ulashib, ularni Yangi yil bayrami bilan tabrikladi.




***
Samarqand viloyati hokimligida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov hamda Eron Islom Respublikasining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Ali Iskandariyning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda hududlararo aloqalarni yanada kengaytirish, xususan, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama etildi.

***
Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari B.Qodirov va ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i R.Mamatov davlatimiz rahbarining 2023 yil 4 dekabrdagi “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan afv etilgan shaxslar bilan uchrashdi.
Mazkur farmon asosida viloyat bo‘yicha jazoni ijro etish muassasalaridan 28 nafar shaxs avf etilgan bo‘lib, ularning 22 nafari jazodan to‘liq ozod etilgan.
Uchrashuvda afv etilganlarni ijtimoiy hayotga moslashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan manzilli chora-tadbirlar muhokama etildi.

***
Nurobod tumani Tepaqul mahallasida istiqomat qilayotgan 103 yoshli Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Rahmon Abilovga Prezidentimizning Yangi yil tabrigi hamda pul mukofoti, esdalik sovg‘alari topshirildi.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashi, partiyadan saylangan deputatlar va tadbirkorlar viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi onkogemotalogiya bo‘limida davolanayotgan bemor bolajonlar holidan xabar olib, ular uchun bayram tadbiri uyushtirdi. Bemor bolalarga Qorbobo va qorqiz tomonidan sovg‘alar ulashildi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri