Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Tadbirkorlarning murojaatlari eshitildi
Samarqand viloyati hokimi E.Turdimovning tadbirkorlar bilan navbatdagi uchrashuvi Kattaqo‘rg‘on shahrida o‘tkazildi.
Kattaqo‘rg‘on shahri va yaqin atrofdagi tumanlarda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar o‘z muammo va takliflari bilan viloyat rahbariga murojaat qildi.

Uchrashuv davomida 50 dan ortiq tadbirkorning soliq, kredit, yo‘l va boshqa infratuzilma bilan bog‘liq murojaatlari tinglanib, har bir masala bo‘yicha mas’ullar belgilandi.
Zulfiyachillar bahslashdi
Samarqandda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga tanlovning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda 110 nafar qiz ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, jamoatchilik yo‘nalishlari bo‘yicha bahslashdi. Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma berildi.
Viloyat hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Rahmonovaning ta’kidlashicha, tanlovning shahar, tuman bosqichlarida bu yil ming nafar qiz ishtirok etgan.
“Adolat” Konstitutsiya bilimdonini aniqladi
O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi tomonidan an’naviy o‘tkazib kelinayotgan “Konstitutsiya bilimdoni” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Yoshlarning Konstitutsiyaga oid bilimlarini va huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida tashkil etilgan tanlovda tuman (shahar) bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘quvchi- yoshlar ishtirok etdi.
Samarqand shahridagi yuridik texnikum o‘quvchisi Ulug‘bek Sobirov birinchi o‘rinni egallab, mamlakat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri