Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Sakkiz soatlik qabulda 1400 dan ortiq murojaat qayd etildi. Samarqand viloyati hokimining navbatdagi sayyor qabuli Samarqand shahrida o‘tkazildi. Qabulda viloyat hokimi bilan birga viloyat sektorlari va boshqarma, idoralar rahbarlari, tuman va shahar hokimlari – 130 ga yaqin mutasaddilar ishtirok etdi.
Ertalab soat sakkizda boshlangan va kech 16.00 ga qadar davom etgan qabulda viloyatning deyarli barcha hududlaridan kelgan fuqarolar turli masalalar yuzasidan viloyat hokimi va boshqa mas’ullarga murojaat qildi.

Murojaatlarning asosiy qismi imtiyozli kredit ajratish, yer uchastkasi olish, moddiy yordam, uy-joy, yo‘l qurilishi, kommunal soha, davolanish bilan bog‘liq bo‘ldi. Shuningdek, noqonuniy qurilishlar masalasida ham fuqarolar viloyat hokimidan yordam so‘rashdi. Bu toifadagi murojaatlar, ayniqsa, Samarqand shahridan ko‘proq qayd etildi.
Umuman, shu kuni viloyat aholisi tomonidan 1400 dan ortiq murojaat qayd etildi. Jumladan, Samarqand shahri aholisi tomonidan 480 ga yaqin masala ko‘tarildi.
***
Jomboy tumanidagi “Bog‘bon” in-vitro laboratoriyasida qishloq xo‘jaligida istiqbolli loyihalar, sohaga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish mavzuiga bag‘ishlangan respublika seminari o‘tkazildi.

Tadbirda mamlakatimizning barcha hududlaridan 200 nafarga yaqin tizim xodimlari, tuman va shahar hokimliklari mas’ullari ishtirok etdi.
Seminar qatnashchilari bu yerdagi noyob tuproqshunoslik va iqlim tahlilxonalari, payvandtag yetishtirish texnologiyasi, turli sharoitlarga moslashuvchan ko‘chat plantatsiyalari bilan tanishdi. Ularga malakali mutaxassislar tomonidan zarur tavsiya va maslahatlar berildi.
***
Oqdaryoda un ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Tumanning Taraqqiyot mahallasida tadbirkor Dilshod Olimov rahbarligidagi “XXI BREAD FACTOR” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan un mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi faoliyat boshladi. Loyiha qiymati 13 milliard so‘mni tashkil etgan mazkur korxonada Turkiyadan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilgan. Bir kecha-kunduzda 45 tonna un mahsuloti ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona ish boshlashi bilan 30 nafarga yaqin kishi doimiy ish bilan ta’minlandi.
G‘.Hasanov,
O‘zA