Samarqand va Shensi hamkorligi rivojlanadi
Xitoyning Shensi provinsiyasi gubernatori Chjao Gan boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga keldi.
Samarqand va Shensi o‘rtasidagi do‘stona aloqalar yildan yilga mustahkamlanib, savdo-iqtisodiy aloqalar kengaymoqda, sheriklikning turli shakllari rivojlanmoqda, tovar ayirboshlash hajmi ko‘paymoqda. Eng muhimi, ko‘p yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik qilish istagi ortib boryapti.


Bu haqda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov va Shensi provinsiyasi gubernatori Chjao Gan boshchiligidagi XXR delegatsiyasi uchrashuvida so‘z yuritildi. Muloqot iliq, do‘stona muhitda o‘tdi.
Viloyat hokimi joriy yilning yanvar oyida Samarqand delegatsiyasining Shensi provinsiyasiga tashrifi chog‘ida ko‘rsatilgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi. Yaqin aloqalar tufayli bugungi kunda aniq natijalar mavjud. Ikki hudud ishbilarmonlari o‘rtasida qirqdan ortiq shartnoma imzolandi. Yaqinda shensilik tadbirkorlar Samarqandda bo‘lib, mavjud salohiyat bilan tanishdi va o‘n bir yo‘nalishda hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.


– Bu galgi uchrashuvimiz mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda yana bir muhim qadam bo‘ladi, – dedi E.Turdimov. – Bugun Shensining ko‘p sohalardagi tajribasi biz uchun muhim va ularni o‘zimizda qo‘llayapmiz. Madaniyat va turizm sohalarida ham imkoniyatlarimiz juda katta. Shu bois ikki mintaqa shaharlarida nafaqat biznes forumlar, shu bilan birga madaniyat kunlari o‘tkazish ham ahamiyatlidir.
Shensi gubernatori viloyat hokimining fikrlari va takliflarini qo‘llab-quvvatladi va o‘zaro hamkorlik uchun keng istiqbollar mavjudligini aytdi. Savdo va sarmoya, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi texnologiyasi, ta’lim, fan va boshqa sohalarda hamkorlikni faollashtirishni taklif qildi.

Yakunda tomonlar ikki hudud munosabatlarini har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish va belgilangan barcha masalalar bo‘yicha yaqindan hamkorlik aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri