Samarqand va Nara shaharlari birodarlashdi
O‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, do‘stona aloqalarini mustahkamlash maqsadida madaniyatlar chorrahasi deya dunyo e’tirofiga sazovor bo‘lib kelayotgan ko‘hna Samarqand shahri jahonning ko‘plab mashhur shaharlari bilan birodarlik rishtalarini yo‘lga qo‘ygan. Boqiy kentning birodarlashgan shaharlari soni bugun yana bittaga ortdi.
Samarqand shahri kuni tadbirlari doirasida Yaponiyaning Nara shahri bilan birodarlik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim imzolandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Samarqand shahri hokimi Fazliddin Umarov, Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama, Nara shahri meri Motonobu Nakagavi hamda delegatsiya a’zolari o‘zaro muloqot qildi.
[gallery-9179]
Muloqot davomida tomonlar shaharlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash hamda iqtisodiyot, turizm, ilm-fan, madaniyat va sport kabi bir qator sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, aloqalarni izchil yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qilishdi.
– Biz birodar shahar nomzodini uzoq o‘ylaganmiz, – dedi muloqot davomida Nara shahri meri Motonobu Nakagava. – Ya’ni yigirma yildan buyon biror shahar bilan bunday munosabat o‘rnatmaganmiz va yakunda bizning tanlovimiz, bizga munosib deb bilganimiz Samarqand bo‘ldi. Bu jarayonlar uch yil oldin boshlangan edi. Pandemiya sababli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish biroz cho‘zildi. Quvonarlisi, Samarqand shahri kunida biz buyuk tarixga ega shahar bilan birodarlashdik. Albatta, tarixi, madaniyati uzoq o‘tmishga borib taqaladigan ko‘hna shahar bilan mustahkam do‘stlik rishtalarini bog‘laymiz. Bu aloqalar o‘zbek va yapon xalqlarining o‘zaro birdamligini mustahkamlash, hamkorligini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida Nara va Samarqand shaharlari rahbarlari o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim imzolandi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA