Samarqand sammiti tarixiy davrni boshlab beradi
Munosabat
Kuni kecha davlatimiz rahbarining muhim fikr-mulohaza va tahlillarini o‘z ichiga olgan “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” nomli maqolasini o‘qidim. Undagi ko‘plab masalalar e’tiborimni tortdi.
Avvalo, maqolaning mahalliy va xorijiy nashrlar muxbir va ekspertlari, ziyolilar, keng jamoatchilik tomonidan qiziqish bilan qabul qilinganini ta’kidlash lozim. U kechaning o‘zida qator davlat OAV va internet nashrlarida e’lon qilindi. Masalan, ular orasida Rossiya, Malayziya, Pokiston, Eron, Turkmaniston, Quvayt va boshqa qator davlatlar bor. Unda ilgari surilgan fikrlar yuzasidan ekspertlar o‘z nuqtai-nazar va munosabatlarini bildirishmoqda.
Xususan, Shanhay hamkorlik tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan faoliyat, uning imkoniyatlari va istiqbollari to‘g‘risida aniq va batafsil bayon qilinadi. Shu bilan birga, bugungi kunda dunyoda ro‘y berayotgan jarayonlar, global siyosiy jarayonlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning roli, davlatlarning o‘zaro munosabatlari yoritilganini ko‘rish mumkin.
Prezident hozirgi davrda dunyoda xavfli muammolar girdobidan chiqishning yakkayu yagona yo‘li qaysi ekanini aytib o‘tgan. Ya’ni bu, konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan ko‘p tomonlama hamkorlikdir. Darhaqiqat, bugungi kunda xalqaro hamkorlikning universal prinsip va normalari o‘z ta’sirini yo‘qotib bormoqda. Buni dunyoda ro‘y berayotgan siyosiy jarayonlar tahlili ham namoyon qilyapti. Shunday vaziyatda SHHTga qiziqish bildirayotgan va unga a’zo bo‘lish istagidagi davlatlarning ortib borayotganini ijobiy baholash mumkin. Aynan Samarqand shahrida bo‘ladigan sammit SHHTning trasformatsiya va yuksalishi uchun tarixiy davrni boshlab beradi, desam hech mubolag‘a bo‘lmaydi.
Maqolada yana bir diqqatimni tortgan jihat bu “Har birimiz kuchli bo‘lsakkina SHHT kuchli bo‘ladi” – degan shiorning ta’kidlanishi. O‘z mamlakatimiz misolida tahlil qiladigan bo‘lsak ham iqtisodiy, siyosiy, mudofaa, xavfsizlik, huquqiy, qo‘yingki, har taraflama rivojlansagina keyin kuchli bo‘la olamiz. Buning uchun har bir shaxs kuchli bo‘lishi zarur. Shaxs kuchli bo‘lsa, jamiyat kuchli bo‘ladi, davlat kuchli bo‘ladi.
Shuningdek, maqolada qo‘shni Afg‘oniston xalqi har qachongidan ham davlatlarning yordamiga muhtoj ekaniga e’tibor qaratilgan. Afg‘oniston SHHTga a’zo bo‘lmasada, davlat rahbarlarining mintaqadagi vaziyatga jiddiy e’tibor qaratish zarur ekani namoyon bo‘ladi.
Muxtasar aytganda, 2 kundan so‘ng barchamiz yirik anjumanga bo‘lamiz. Unda imzolanishi kutilayotgan hujjatlarda xalqimiz turmush sifati va farovonligining yanada oshishi yo‘lidagi qadamlardan biri bo‘lishidan umidvormiz.
Anvarjon Mirkomilov,
Taraqqiyot strategiyasi markazi bosh mutaxassisi.
O'zA