Samarqand global konferensiyasida Senat Raisi muhim uchta ustuvor yo‘nalishni taklif qildi
Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasida O‘zbekiston aholisi qariyb 39 million nafarga yetgani, uning yarmidan ko‘pini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etishi alohida ta’kidlandi.
Bu raqamlar yoshlar masalasi mamlakatimiz uchun shunchaki demografik ko‘rsatkich emas, balki milliy taraqqiyotimizni belgilaydigan strategik omil ekanini yaqqol ko‘rsatadi.
Global konferensiyada Senat Raisi Tanzila Norboyeva Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yoshlarga oid davlat siyosati alohida bir soha doirasidan chiqib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning uzviy qismiga aylanganini alohida ta’kidladi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning sifatli ta’lim olishi, mehnat qilishi, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi hamda davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun muhim kafolatlar mustahkamlandi. «O‘zbekiston - 2030» strategiyasi va boshqa strategik hujjatlarda ham yoshlar manfaatlari ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.
– Eng muhimi, bu siyosat faqat hujjatlarda aks etib qolayotgani yo‘q, – dedi T.Norboyeva. – Ta’limdan bandlikkacha, tadbirkorlikdan ijtimoiy himoyagacha, raqamli taraqqiyotdan madaniy yuksalishgacha bo‘lgan islohotlarning barchasida yoshlarning ehtiyojlari, orzu-intilishlari va kelajagi ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar soni 3,5 million nafardan oshgani, ilmiy darajaga ega yosh olimlarimiz ulushi ikki barobar ortgani quvonarli natijadir. Yoshlarning tadbirkorlar safidagi ulushi 35 foizga yetgani esa ular tobora mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotining muhim harakatlantiruvchi kuchiga aylanayotganidan dalolat beradi.

Bu jarayonda Oliy Majlis palatalari huzuridagi Yoshlar parlamentlari alohida o‘rin tutadi. Ular yosh avlod bilan milliy parlament o‘rtasidagi samarali muloqot va hamkorlik maydoniga aylandi. Ular qonun loyihalari muhokamalari, parlament qo‘mitalari yig‘ilishlari va nazorat-tahlil tadbirlarida faol ishtirok etib, yoshlarni o‘ylantirayotgan masalalar yuzasidan aniq va amaliy takliflarni ilgari surmoqda.
O‘zbekistonning yoshlarga oid siyosati xalqaro hamjamiyat tomonidan ham munosib e’tirof etilmoqda. Mamlakatimiz BMTning «Yoshlar - 2030» strategiyasini amalga oshirishda faol ishtirok etayotgan davlatlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Prezidentimiz tashabbuslari asosida BMT Bosh Assambleyasining 15 maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingani ham xalqaro maydondagi O‘zbekiston tashabbuslari yuksak ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatadi. Ularning ikkitasi bevosita parlamentlarning rolini kuchaytirishga bag‘ishlangani esa bugungi muloqot mavzusi bilan chambarchas bog‘liq.

Joriy yil 24-iyul kuni BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan «Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish» to‘g‘risidagi yangi rezolyutsiyani qabul qildi. Ushbu hujjat parlamentlarni ijtimoiy himoyani kuchaytirish, kambag‘allikni qisqartirish, munosib mehnat va sifatli ta’limni ta’minlash, shuningdek, xotin-qizlar va yoshlarning davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirishga da’vat etadi.
Konferensiya mavzusidan kelib chiqib, Senat Raisi muhim uchta ustuvor yo‘nalishni taklif qildi. Jumladan, yoshlarni siyosatning ob’ekti emas, qarorlarning hammuallifiga aylantirish, huquqlarni aniq himoya mexanizmlari bilan ta’minlash, huquqlarni real imkoniyatlarga aylantirishga oid muhim yo‘nalishlar bo‘yicha aniq takliflarni bayon etdi.
Tadbirda Parlamentlararo ittifoq turli siyosiy tizim va qarashlarga ega parlamentlarni umumiy maqsadlar atrofida birlashtira oladigan noyob global maydon ekani, ushbu konferensiyada bildirilgan takliflar tuzilma faoliyatida ham, milliy parlamentlar ishida ham o‘zining amaliy ifodasini topishiga ishonch bildirildi.
Norgul Abduraimova, O‘zA