Samarqand deklaratsiyasi: inson huquqlarini himoya qilish va xalqaro hamkorlikning yangi bosqichi
So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan faol va ochiq tashqi siyosat nafaqat poytaxtimiz Toshkent, balki qadimiy Samarqand shahrini ham jahon siyosatining betakror markazlaridan biriga aylantirdi. Bugun Samarqand shunchaki boy tarixiy-madaniy meros maskani emas, balki global kun tartibini belgilaydigan, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning sammitlari hamda yillik hisobotlari o‘tkaziladigan yetakchi diplomatik hab sifatida e’tirof etilmoqda.
Jumladan, SHHT, TDT va “Markaziy Osiyo” formatidagi tarixiy sammitlardan so‘ng, Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining VII Kongressi yig‘ilishi aynan Samarqandda o‘tkazilgani buning yaqqol isbotidir. Xususan, 1-2-oktabr kunlari qadimiy kent yana bir bor Osiyo va dunyoning eng nufuzli konstitutsiyaviy odil sudlov maskanlari vakillarini, huquq sohasining yetakchi namoyandalarini yagona muloqot maydoniga jamladi. Ushbu uchrashuv Assotsiatsiya faoliyatining joriy natijalarini sarhisob qilish, kelgusi ustuvor vazifalarni belgilash hamda a’zolar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan g‘oyat ahamiyatlidir.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi uchun Assotsiatsiyaga 2025–2027-yillarda raislik qilish – yuksak ishonch bilan birga katta mas’uliyat hamdir. Bu faqat bir idoraga emas, balki Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlariga berilgan yuksak xalqaro baho bo‘ldi.
2025-yil 11-noyabrda Assotsiatsiya raisligi Tailand Qirolligi Konstitutsiyaviy sudidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga rasman topshirildi. Shu kundan boshlab Assotsiatsiya doirasidagi hamkorlikka yangi mazmun berish, o‘zaro ishonch, ochiqlik, hurmat va amaliy muloqotni yanada mustahkamlashga izchil harakat qilinmoqda.
Sababi, xalqaro maydonda raislik qilish bu shunchaki protokol tadbirlarini o‘tkazish degani emas. Bu – adolat me’yorlarini global darajada shakllantirishda faol ishtirok etish, milliy manfaatlarni xalqaro huquq tamoyillari bilan uyg‘unlashtirish va mintaqada huquq ustuvorligini mustahkamlash deganidir. O‘zbekistonning Assotsiatsiyaga raisligi davrida mamlakatimiz tizimli va ko‘p tomonlama diplomatiyani samarali tashkil etish salohiyatini yaqqol namoyon etdi. Jakarta, Seul va Anqaradagi doimiy kotibiyatlar hamda markazlar bilan uzviy muvofiqlashuv ta’minlanib, Assotsiatsiya faoliyatiga yangi sur’at bag‘ishlandi va VII Kongressning muhim hujjati – Samarqand deklaratsiyasi loyihasi puxta shakllantirildi. Shu bilan birga, Turkiya Konstitutsiyaviy sudi bilan imzolangan tarixiy memorandum, Seuldagi xalqaro anjuman va Venetsiya komissiyasi kabi nufuzli tuzilmalar bilan hamkorlikning kengayishi Toshkentning mintaqaviy va global odil sudlov maydonidagi muloqot yetakchisiga aylanayotganini ko‘rsatdi.
Raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt sohasida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan yondashuv texnologiyani sudya mustaqilligi, inson qadri va adolatga erishishga xizmat qiluvchi eng mas’uliyatli vosita sifatida belgiladi. Jumladan, Prezident Farmoni bilan tasdiqlangan 2026-2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini raqamlashtirishga mo‘ljallangan dastur hamda 2027-yil 1-avgustdan sinov tariqasida joriy etiladigan “E-KSUD” axborot tizimi milliy sud-huquq sohasining yuqori texnologik imkoniyatlarini namoyon etmoqda. Bu kabi innovatsion qadamlar Samarqand deklaratsiyasining asosiy mezoni bo‘lib, adolatni tezkor, shaffof va hamma uchun ochiq qilishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, fuqarolarning konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish va inson huquqlarini ishonchli himoya qilish yo‘lida ilg‘or xorijiy tajriba puxta o‘zlashtirilmoqda. Germaniya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Indoneziya kabi davlatlarning konstitutsiyaviy shikoyat va sud qarorlari ijrosi bo‘yicha amaliyoti qiyosiy tahlil qilinib, milliy qonunchilikga tatbiq etilmoqda. Bu islohotlar suveren va huquqiy davlat sifatida O‘zbekistonning har bir fuqaro manfaatini oliy qadriyat darajasiga ko‘tarib, inson va davlat o‘rtasidagi adolat ko‘prigini mustahkamlash borasidagi salmoqli salohiyatini amalda isbotlamoqda.
Qolaversa, Samarqand uchrashuvi faqatgina sarhisob emas, balki kelajakka qo‘yilgan muhim qadamdir. Xususan, Assotsiatsiya faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish va konstitutsiyaviy adolatni mustahkamlash uchun O‘zbekiston tomonidan bir qator takliflar ilgari surildi.
Jumladan, Assotsiatsiya doirasida raqamli axborot almashinuvini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish lozim. Buning uchun a’zo institutlar raislari, Bosh kotiblari va xalqaro aloqalar uchun mas’ul shaxslar haqidagi ma’lumotlarni doimiy yangilab borish, ishchi hujjatlarni xavfsiz almashish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot kanallarini takomillashtirish maqsadga muvofiq. Shu munosabat bilan Assotsiatsiya rasmiy veb-sayti doirasida a’zo institutlar uchun himoyalangan ishchi axborot va hujjat almashinuvi bo‘limini shakllantirishni taklif etildi. Bu ishchi jarayonlarni tezlashtiradi, hujjatlar bilan ishlashda tizimlilik, uzluksizlik va tashkiliy xotirani ta’minlaydi.
Shuningdek, Assotsiatsiyaning doimiy tuzilmalari o‘zaro hamkorligini samarali yo‘lga qo‘yish zarur. Shuning uchun yillik rejalarni o‘zaro muvofiqlashtirish, qo‘shma tadbirlar va ularning natijalarini muntazam muhokama qilib borish lozim.
Assotsiatsiyaning xalqaro hamkorlik doirasini yanada kengaytirish maqsadida Butunjahon konstitutsiyaviy odil sudlov konferensiyasi, Venetsiya komissiyasi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimi va boshqa nufuzli mintaqaviy hamda xalqaro tuzilmalar bilan qo‘shma tadqiqotlar, ekspert muloqotlari va ta’lim dasturlarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni ishga solish zarur.
Shu bilan birga, raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt masalalarida muloqotni tizimli yo‘lga qo‘yish lozim. Bu yo‘nalishda ixtisoslashgan ishchi mexanizmni shakllantirish, qiyosiy-huquqiy tadqiqotlar olib borish, sudyalar va sud xodimlari uchun sun’iy intellekt, ma’lumotlarni himoya qilish hamda kiberxavfsizlik bo‘yicha mintaqaviy o‘quv dasturlarini tashkil etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasidagi raisligi hamda Samarqand anjumani doirasida ilgari surilgan tashabbuslar shunchaki muayyan sohaviy muvaffaqiyat emas. Bu – Davlatimiz rahbari boshchiligida Yangi O‘zbekistonda qaror topayotgan inson qadrini ulug‘lash, sud-huquq tizimini shaffoflashtirish va huquq ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan izchil islohotlarning xalqaro maydondagi e’tirofidir.
Mamlakatimizning global kun tartibini belgilovchi tashabbuskor markazga aylanishi, jumladan, odil sudlov sohasiga raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni mas’uliyat bilan joriy etish bo‘yicha ilgari surgan konseptual yondashuvi mintaqada adolat va inson huquqlarini kafolatlashning yangi standartlarini belgilab bermoqda.
Xususan, Samarqand deklaratsiyasi doirasida ilgari surilgan ustuvor yo‘nalishlar va konstitutsiyaviy shikoyat institutini yanada rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar fuqarolarning milliy va mintaqaviy darajada odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, inson huquq va erkinliklarining ishonchli kafolatlarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ishonch bilan ta’kidlash mumkinki, samarali konstitutsiyaviy nazorat va mustaqil, xolis sud tizimi mavjud bo‘lgan jamiyatdagina qonun ustuvorligi, barqaror taraqqiyot va xalq farovonligini ta’minlash uchun mustahkam zamin yaratiladi.
Samarqandda bo‘lib o‘tgan xalqaro Kongress hamda O‘zbekistonning ushbu jarayonlardagi faol raisligi konstitutsiyaviy adolat tamoyillarini qaror toptirish, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish hamda inson, uning sha’ni va qadr-qimmati, huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblangan adolatli jamiyatni barpo etishga xizmat qiladi.
Nilufarxon SAID-GAZIEVA,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi
Devon rahbari, yu.f.d.
O‘zA