Samarqand davlat universitetining Pedagogika instituti tashkil etiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Samarqand davlat universitetining Pedagogika instituti faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Samarqand davlat universitetining Pedagogika instituti faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.
Loyihada keltirilishicha, Samarqand davlat universitetining asosan pedagogika taʼlim sohasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Samarqand davlat universitetining Pedagogika instituti tashkil etilgan.
Samarqand shahri, Spitamen shoh koʻchasi, 166-uy hamda Dahbet koʻchasi, 18-uy manzilida joylashgan Samarqand davlat universitetining bino va inshootlarini (mavjud jihoz va mebellari bilan) tegishli hududi bilan birgalikda Institut balansiga operativ boshqaruv huquqi asosida beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi ikki oy muddatda:
Institut tuzilmasi oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq tasdiqlanishini taʼminlaydi;
Institut ustavini belgilangan tartibda tasdiqlasin va uning davlat roʻyxatidan oʻtkazish choralarini koʻradi;
Institutni tanlov asosida amaliy tajribaga ega boʻlgan mutaxassislardan iborat yuqori malakali professor-oʻqituvchilar bilan taʼminlaydi;
Institut axborot-resurs markazini qoʻshimcha oʻquv, ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash choralarini koʻradi;
Institutda oʻquv-metodik jarayonning tashkil etilishini taʼminlash choralarini amalga oshiradi.
Loyihada belgilanishicha, institutda oʻquv jarayoni 2020/2021 oʻquv yilidan boshlanadi hamda talabalar kontingenti Universitetning asosan pedagogika taʼlim sohasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida shakllantiriladi;
oʻquv dasturlari oʻzaro yaqin boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha asosiy va qoʻshimcha mutaxassislik (kvalifikatsiya) berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi;
talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi;
Institut Universitetning oʻquv va ilmiy laboratoriyalaridan, sport inshootlaridan hamda axborot-resurs markazidan rejalashtirilgan dars jarayonlariga taʼsir etmagan holda bepul foydalanadi.
Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
hududda pedagogika soha va tarmoqlarining rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalari, shuningdek, zamonaviy texnika hamda texnologiyalarning rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda pedagogika sohasi boʻyicha oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlash;
ilmiy pedagogik kadrlarni ijtimoiy sheriklik asosida tayyorlash boʻyicha ish beruvchilar, davlat boshqaruv organlari va ijtimoiy tashkilotlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
mintaqa va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida xorijiy fuqarolar uchun taʼlim olish imkoniyatini kengaytirish va ilgʻor xalqaro tajribalarni tatbiq etish;
oʻquv va ilmiy laboratoriya xonalarini tashkil etish, zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlash hamda oʻquv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish;
taʼlim va ilmiy izlanishlar jarayoniga malakali mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida respublika va xorijiy yetakchi oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
oliy maʼlumotli mutaxassislar, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash borasidagi xorijiy tajribalarni amaliyotga qoʻllash, bitiruvchilarning kasbiy-malaka darajasi xalqaro mehnat bozorida tan olinishini taʼminlash;
jahondagi yetakchi va nufuzli oliy taʼlim muassasalarining ilgʻor tajribalarini, jumladan, modulli meʼyoriy oʻquv dasturi (Curriculum globALE)ni tatbiq etish asosida malaka talablari, oʻquv rejalari va fan dasturlarini ishlab chiqish, oʻquv va ilmiy-uslubiy taʼminotni takomillashtirish va amaliyotga tatbiq qilish;
yangi avlod oʻquv-ilmiy adabiyotlarini yaratish, ularni taʼlim va ilmiy jarayonlarga keng tatbiq etish, yangi adabiyotlar sotib olish, Axborot-resurs markazi fondini muntazam yangilab borish;
taʼlim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va taʼlim texnologiyalarining mustahkam integratsiyasini taʼminlash;
pedagogika taʼlim sohasini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etish, ilgʻor xorijiy pedagogik texnologiyalarni joriy qilishga yoʻnaltirilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish va iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishga keng jalb etish;
pedagog kadrlarning ilmiy salohiyati, kasbiy va malakaviy bilim darajasini uzluksiz rivojlantirib borish mexanizmlarini joriy etish, ularning pedagogik mahoratlarini rivojlantirishda xorijiy oliy taʼlim muassasalarining ilgʻor tajribalaridan keng foydalanish;
yuksak madaniyatli, amaliy kasbiy koʻnikmaga ega, tarbiya, oʻqitish metodlari va baholash mezonlarini puxta egallagan zamonaviy pedagog kadrlar, jumladan, chet tillarida dars beruvchi yosh pedagog xodimlar qatlamini kengaytirish, ularning mehnatini moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish;
mamlakatimizda pedagogika fani boʻyicha erishilgan yutuqlarni, xorijiy mamlakatlar taʼlim muassasalarining tajribasini, shuningdek, taʼlim muassasalarining talab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv-metodik adabiyotlar hamda innovatsion oʻquv-meʼyoriy va taʼlim resurslarini yaratish;
respublika va xorijiy oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy markazlarga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali institutning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish.