Samarasiz boshqaruv va moliyaviy kamchiliklar sabab “G‘issarneftgaz” rahbariyati ishdan olindi
“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda “G‘issarneftgaz” QK MCHJning ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari, mavjud quduqlar fondi holati, aktivlardan foydalanish samaradorligi hamda moliyaviy ahvoli atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, korxona tasarrufidagi 8 ta konga tegishli 142 ta quduqdan atigi 24 tasi ishlamoqda. Bu esa quduqlar fondining bor-yo‘g‘i 17 foizi iqtisodiy samara keltirayotganini anglatadi. Qolgan quduqlarning aksar qismi harakatsiz holatda bo‘lib, ayrimlari vaqtincha to‘xtatilgan yoki tugatilish arafasida ekani ta’kidlandi.
Maxsus ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan tahlillar korxona o‘z ixtiyoridagi resurslardan yetarlicha samarali foydalana olmayotganini ko‘rsatgan. Shuningdek, 2025-yil uchun belgilangan tabiiy gaz qazib chiqarish rejasi atigi 40,5 foizga bajarilgani ma’lum qilindi. Bu esa ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish va boshqaruvda jiddiy muammolar mavjudligidan dalolat berishi qayd etildi.

Yig‘ilish davomida korxonaning moliyaviy-intizomiy holati ham tanqid ostiga olindi. Xususan, ishchilarga bir necha oy davomida ish haqi to‘lanmagani va ayrim rahbar xodimlarga yuqori miqdorda maosh belgilangani aytildi.
Shu bilan birga, tekshiruvlar davomida soxta xodimlar orqali mablag‘larni o‘zlashtirish holatlari aniqlangani ma’lum qilindi. Mazkur holatlar yuzasidan tegishli choralar ko‘rish va mas’ul shaxslarning javobgarligini belgilash bo‘yicha ishlar olib borilayotgani bildirildi.
Aniqlangan kamchiliklar, qoniqarsiz ishlab chiqarish natijalari hamda moliyaviy boshqaruvdagi muammolar sabab qo‘shma korxona rahbariyati egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.

Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, yig‘ilish yakunida yangi rahbariyat oldiga korxonani moliyaviy sog‘lomlashtirish, foydalanilmayotgan texnika va avtotransport vositalarini realizatsiya qilish, aktivlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA