“Samarali ijro tizimi” (Policy implementation) joriy qilinadi
Prezident qarorlari qabul qilinar ekan, biror soha va tarmoqda ma’lum o‘zgarishlar amalga oshirilishini nazarda tutadi. Qarorlar o‘z vaqtida, aniq va sifatli ijro etilsagina kutilgan natijaga erishish mumkin.
Adliya vazirligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali ijrosini ta’minlash” mavzuiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida shu haqda so‘z yuritildi.
Qayd etilganidek, 2017-2020 yillarda 456 hujjat qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining nazoratga olingan 38,7 mingta topshirig‘i mavjud. Shunga mutanosib tizim shakllantirilib, davlat organlarining soni 36 taga oshirilgan. Hozirda ularning soni 98 tani tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlarining ijrosini tashkil etishga ko‘maklashish uchun har bir tuman va shaharlarda to‘rtta sektor faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Adliya vazirligi tomonidan ijro masalasida butunlay yangi tizim ishlab chiqiladi. Jumladan, to‘rt bosqichdan iborat “Samarali ijro tizimi” (Policy implementation) joriy qilish taklif qilinmoqda.
Birinchi bosqichda ijro loyiha davrida rejalashtiriladi. Ikkinchi bosqichda Adliya vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan topshiriqlar ijrosi tashkil etiladi va bu jarayonga ko‘maklashiladi. Uchinchi bosqichda topshiriqlarning baholash tizimi joriy etiladi. To‘rtinchi bosqichda topshiriqlar ijrosi bevosita nazorat qilinadi.
Yangi nazorat tizimini amalga oshirish uchun mavjud shtatlar doirasida Adliya vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari tashkil etiladi.
Adliya vazirligi topshiriqlarni nazorat qiluvchi elektron – “Ijro.gov.uz” tizimini takomillashtirib, yangi versiyasini ishlab chiqadi. Topshiriqlar “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritiladi va mas’ul ijrochilar belgilanadi.
Ijroni ta’minlash choralarini ko‘rish bo‘yicha ularga ogohnoma va ko‘rsatmalar kiritiladi, aybdor mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Topshiriqlarning joriy ijro holati doimiy monitoring qilinadi.
Shuningdek, OAVda ijro masalalari bo‘yicha har 15 kunda soha va hududlar kesimida “Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda” rukni ostidagi chiqishlar yo‘lga qo‘yiladi. Tanqidiy muhokamalar bilan birga, qarorlar ijrosi bo‘yicha ijobiy tajribalar ham keng yoritiladi.
Qarorlar ijrosini nazorat qilishning eng samarali vositasi bo‘lgan jamoatchilik ishtiroki va nazorati keng yo‘lga qo‘yiladi.
Muattar Burhonova, O‘zA