Samaradorlik rahbar salohiyatiga bog‘liq
Yangi tayinlangan hokimlar va ularning jamoasi uchun ekspress-treninglar tashkil etilmoqda. Shunday o‘quvlardan navbatdagisi Buxoro viloyatining Jondor va Buxoro tumanlarida tashkil etildi.
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Buxoro filiali tashabbusi bilan tashkil etilgan o‘quvda yangi tayinlangan hokimlarning lavozimga kirishish jarayonini tezlashtirish, hududdagi rahbarlarning bir maqsad yo‘lida jamoa bo‘lib, samarali faoliyatini tashkil etishga ko‘maklashish maqsad qilingan.



Trening avvaliga ishtirokchilarga davlat fuqarolik xizmati sohasidagi yangiliklar, eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari(KPI) asosida baholash tartibi, rahbar shaxsining ma’naviy qiyofasi hamda xodimlarni samarali boshqarish mexanizmlari tushuntirildi.



Rahbarlik madaniyati, turli sharoitlarda o‘zgarishlarni boshqarish usullari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, xalq xizmatchilariga aholi muammolari bilan manzilli ishlash, faoliyatda tizimli natijadorlikka erishish, salomatlikni asrash bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Nilufar Bozorova, O‘zA