“Salomatlik sari” loyihasi – amalda
Tibbiy ko‘rik
Ma’lumki, aholi sog‘lig‘ini saqlashda, turli yoshdagi kishilarda uchraydigan kasalliklarning oldini olishda O’zLiDeP hududiy kengashlaridagi “Ayollar qanoti” tomonidan bepul tibbiy ko‘riklar o‘tkazib kelinadi. Qolaversa, “O‘zbekiston-2030” strategiyasining muhim bandlaridan birida mamlakatimizda tibbiyot sohasini rivojlantirish bilan bog‘liq eng muhim vazifalar belgilab berilgan bo‘lib, ularning ijrosini ta’minlash O’zLiDeP faollari zimmasiga alohida mas’uliyat yuklaydi.

Partiya Buxoro viloyati Kengashining “Ayollar qanoti” tomonidan O’zLiDeP G‘ijduvon tuman Kengashi, hududdagi “MARJON STOM SERVIS”, “G’IJDUVON DIAGNOSTIKA MASKANI” xususiy korxonalari hamda “Safira” klinikasi MCHJ hamkorligida tashkil etilgan tibbiy ko‘rik davomida tumandagi “Ko‘li jabbor”, “Havzak”, “A.Qahhor” va “Nodirabegim” singari mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi aholi vakillaridan 75 nafari qamrab olinib, ularning 22 nafari MRT va MSKT zamonaviy apparatlari yordamida tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi.

Asab kasalliklari, terapevt, endokrinolog, onkolog, mamolog, lor, kardiolog va ginekolog singari malakali mutaxassislar qabulida bo‘lgan 60 nafarga yaqin fuqarolarga tegishli maslahat, tavsiya va yo‘l-yo‘riqlar, davolanishga ehtiyoj sezgan 17 nafar kishiga esa tibbiyot muassasalarga yo‘llanma berildi.
“Salomatlik sari” partiyaviy loyihasi doirasida “Millat salomatligi-yurt qudrati” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida so‘zga chiqqan O’zLiDeP viloyat Kengashi “Ayollar muammolarini o‘rganish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash” bo‘limi mudiri R.Salihova va boshqalar mamlakatimizda xususiy tibbiyotni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar o‘z natijasini berayotganini, xalqimiz sog‘lig‘ini muhofaza etish davlat siyosati darajasiga chiqqanligini ta’kidladi.

– Turli kasalliklarning oldini olishda aholi o‘rtasida olib borilayotgan tushuntirish ishlari bilan birga davolash-profilaktika ishlari katta ahamiyatga ega. “Salomatlik sari” partiyaviy aksiyasi doirasida joylarda o‘tkazib kelinayotgan bepul tibbiy ko‘rik va davra suhbatlari aynan shu masalalarga qaratilganligi bilan muhimdir, – deydi viloyat Kengashi deputati G.Sharapova.

Tadbirda partiyaning dasturiy maqsad va g‘oyalari, xususan, aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi ustuvor vazifalar haqida so‘z bordi hamda O‘zLiDeP safiga yangi a’zo bo‘lgan ishtirokchilar partiya safiga qabul qilinib, ularga guvohnoma va ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.