«Salar» tozalash inshootidagi noxush hid bartaraf etildi
Toshkent shahar hokimligi «Salar» tozalash inshootlari atrofidagi noxush hidni bartaraf etish maqsadida 9,5 milliard so‘mlik filtrlash tizimi o‘rnatilganini ma’lum qildi.
Toshkent shahar hokimligi xabariga ko‘ra, oqova suv havzalari germetik yopilib, havoni tozalash uskunalari 15 kundan beri muvaffaqiyatli ishlamoqda. «Toshkent shahar suv ta’minoti» bosh texnologi Do‘nonboy Kazibekovning ta’kidlashicha, Sergeli, Yangihayot, Mirobod va Yashnobod tumanlaridan oqova suvlar qabul qiluvchi ushbu inshootga Rossiyadan keltirilgan uch bosqichli filtrlash tizimi o‘rnatilgan.
Havo ventilyatorlar orqali tortib olinib, 11,5 tonna katalitik sorbentdan o‘tkaziladi. Ultrabinafsha nurlanish yordamida havo ozonlashtiriladi va oksidlanadi. Yakuniy bosqichda havo 2,5 tonna faollashtirilgan ko‘mir orqali tozalanadi.
Natijada chiquvchi havodagi vodorod sulfid va ammiak konsentratsiyasi nol darajaga tushirilgan.
Ma’lumot uchun aytish joiz, Prezidentimiz avvalroq Sergeli va Yangihayot tumanlaridagi noxush hid muammosini 1-sentabrga qadar bartaraf etish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shuningdek, Toshkent viloyatida sutkasiga 1 million kub metr oqova suvni qayta ishlash quvvatiga ega yangi tozalash inshootini qurish bo‘yicha xorijiy konsorsium bilan yirik loyiha amalga oshirilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA