“Saidkent”da MTT yana bittaga ko‘paydi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yilligi oldidan Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi “Saidkent” mahalla fuqarolar yig‘inida jajji farzandlar uchun zamon talabiga javob beradigan yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilib, foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkillashtirilgan tantanali tadbirda tuman hokimligi mutasaddilari, sektorlar rahbarlari, mahalla faollari, ota-onalar va maktabgacha ta’lim tashkiloti jamoasi hozir bo‘ldi.

Tadbirda so‘z olganlar ana shunday shinam maktabgacha ta’lim tashkiloti navqiron avlod, jajji o‘g‘il-qizlarimizning jismoniy va aqliy rivojlanishida keng imkoniyat va qulaylik ekani, malakali tarbiyachi pedagoglar esa barkamol avlod vakillari savodxonligini oshirish, ularni munosib tarbiyalashda o‘z munosib hissasani qo‘shishiga ishonch bildirdi.

Shu vaqtgacha “Saidkent” mahallasida 4 ta oilaviy bog‘cha mavjud bo‘lgan. Mahallada 3-7 yoshli bolalar soni 408 nafarni tashkil etadi. Yangidan qurilgan 120 o‘rinli 59-MTT Kamol Sadirov rahbarligidagi “Peshku bunyodkori qurilish montaj” MCHJ quruvchilari tomonidan 4 milliard 263 million so‘m mablag‘ evaziga qurildi. Zamonaviy qilib jihozlangan muassasada o‘g‘il-qizlarning bekamu-ko‘st ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha sharoit hozirlangan. Xususan, bolajonlar uchun savodxonlik va mashg‘ulot xonalari, sport va o‘yin maydonchalari, oshxona, yotoqxona va sanitariya tarmog‘i, issiqlik tizimigacha shay qilingan. Mazkur bog‘cha ishga tushishi hisobiga 28 ta yangi ish o‘rni ham yaratildi.


Ochilish marosimidan so‘ng ramziy alvon lenta qirqilib, tadbirda yig‘ilganlar muassasada jajji bolalar uchun yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri