Safo Mugʻanniy kim boʻlgan?
“Yosh xivaliklar”ning faol aʼzolaridan biri boʻlgan Safo Mugʻanniy nafaqat sanʼat, madaniyat xodimi, balki jamiyatni isloh qilish, davlat boshqaruvini takomillashtirishda faol ishtirok etgan insonlardan biri edi.
31-avgust – Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni
“Yosh xivaliklar”ning faol aʼzolaridan biri boʻlgan Safo Mugʻanniy nafaqat sanʼat, madaniyat xodimi, balki jamiyatni isloh qilish, davlat boshqaruvini takomillashtirishda faol ishtirok etgan insonlardan biri edi.
U otasidan erta yetim qoladi. Ulgʻaygach boylar xonadonida xizmat qiladi. U Xiva xonligiga qarashli Gandumkon qishlogʻilik boʻlgani uchun shu yerlik maʼrifatparvar Sohib Nazarboy xonadonida ishlab, savodini chiqarib, sozandalik sirlarini oʻrganadi. Mohir sozanda va betakror ovoz sohibi sifatida Safo Olloberganovning nomi tanila boshladi. Feruz saroyiga Safo Mugʻanniyni vazir Akbar Islomxoʻja olib keladi.
Safo Mugʻanniy xonlik agʻdarilishi bilan taraqqiyparvar inson sifatida inqilobni qoʻllab-quvvatladi. U inqilobdan asriy qoloqlik va jaholatdan qutulish uchun buyuk bir imkoniyat, deb umidvor boʻldi. 1920-yil bahoridan u bolsheviklar qizil askarlari safiga xizmatga kirdi. 1921-yil 6-martda Polvonniyoz hoji Yusupov tantanali tarzda Safo Mugʻanniyni kompartiya aʼzoligiga qabul qildi. Biroq oradan koʻp oʻtmay Safo Mugʻanniy ham boshqa “Yosh xivaliklar” safdoshlari qatorida qattiq yanglishganini anglab yetdi.
Xorazmda oʻzining hokimiyatini mutlaq mustahkamlab olganiga ishonch hosil qilgan bolsheviklar endi vohada oʻzi istagan siyosatini yuritib, Shoʻro hukumatiga qarshi har qanday insonni yoʻq qila boshladi. Ular hokimiyatni toʻliq qoʻlga kiritish maqsadida turli fitnalarni avj oldirdi. Turkman, qoraqalpoq kabi qardosh xalqlar bilan azaliy nizolar avj oldirildi. Bu yoʻlda qon daryo boʻlib oqa boshladi. Alaloqibat, har bir ishning soʻnggida bolsheviklar gʻalabasi taʼminlandi. Tabiiyki, xalq turmush tarzi nihoyatda ogʻirlashdi. Natijada aholi oʻrtasida dahshatli qoʻrquv vujudga keldi. Qizillar tomonidan butunlay qirib tashlanishi mumkinligi xavf sola boshladi. Shunday sharoitda Safo Mugʻanniy 1921-22 yillarda XXSR maorif nozirligida madaniyat boshqarmasi boshligʻi, bir muddat Xazorasp tumani partiya qoʻmitasi kotibi (raykom) lavozimlarida ishladi. Shuningdek, Xorazm okrugi yer shuʼbasining raisi boʻlib, vohada shoʻro yer-suv islohotlarini oʻtkazish ishlariga bosh-qosh boʻldi.
Shu yillarda oʻzining Gandumkon qishlogʻidagi 9,5 tanob yeridan davlat hisobiga voz kechadi. Urganch tumani ijroiya qoʻmitasi raisi boʻlgan yillarda Xorazm diyorining fidoyi vatanparvar farzandlaridan biri sifatida har bir siyosiy tadbirlarda ishtirok etgan. Hukumat ishini xalq manfaatlari bilan uygʻunlikda olib bordi. Uning el-yurt oʻrtasidagi yuqori obroʻ-eʼtibori baʼzi sovet maʼmurlarining hasadiga sabab boʻldi va kompartiyaning navbatdagi “tozalash”(chistka)ida Safo Mugʻanniyning masalasi koʻrib chiqildi. Unga inqilobdan avval xon saroyida xizmat qilgani asosiy ayb sifatida qoʻyildi. Uning masalasini muhokama qilganlar illat qidirdilar. Majlis yakuniga koʻra, u hukumat ishida ishlamaslik sharti bilan partiya safidan haydaldi. Safo Mugʻanniy shundan soʻng qolgan hayotini sanʼatga bagʻishlaydi. Xorazm okrug teatrida rejissyor, oʻqituvchilik vazifasi bilan shugʻullangan. Darhaqiqat, Safa Mugʻanniy oʻta gʻayratli va iqtidorli inson edi. Undan “6-mart”, “Xush keldingiz, Xorazmga” kabi koʻplab qoʻshiqlar va sheʼrlar qolgan. Uning bizga qadar yetib kelgan sheʼrlarida maʼrifatni ulugʻlash, Xorazm ahlining nurli kelajagiga umid, yoshlarni millat va Vatan baxt-saodati yoʻlida ishlashga daʼvat ohanglari ustuvorlik qiladi.
Unga 1936-yil “Mehnat Qahramoni” ordeni berildi. Ayrim manbalarga qaraganda, Hamzaning “Saodat” musiqali dramasiga kuy bastalagan. Safo Mugʻanniyni yana bir Xorazm bulbuli Madrahim Sheroziy bilan qiyoslashar edi. Aslida Safo Mugʻanniy Sheroziyga nisbatan oʻz ijodiy faoliyatini ancha ilgari boshlagan va ancha mashhur shaxs edi. Qolaversa, ularning ijod yoʻnalishlari ham bir-biridan koʻp jihatdan farq qilardi.
1937-yil. Shoʻrolar tarixida “Katta qirgʻin” nomi bilan muhrlangan mashʼum sana. 1937-yil 27-avgust kuni Xorazm vohasining boshqa koʻplab aziz farzandlari qatorida Safo Mugʻanniyni ham qamoqqa olish toʻgʻrisida order bitildi. Ertasi kuni u yashagan uyda tintuv oʻtkazilib sanʼatkorga tegishli barcha moddiy va maʼnaviy boyliklar xatlanib, olib ketildi.
Safo Mugʻanniy: “Men 1920-29 yillar davomida kompartiya safida boʻldim, hech qachon aksilinqilobiy kayfiyatda boʻlgan emasman. Ayniqsa, “Ozod Turkiston” nomli aksilinqilobiy tashkilotni eshitgan ham emasman”, deb javob bergan. U hech bir aybi yozilgan qogʻozga imzo chekmagan. Uning bu qatʼiyati sovet jazo tashkiloti tomonidan inobatga ham olinmadi. Koʻp oʻtmay Safo Mugʻanniyning aksilinqilobiy tashkilot aʼzosi ekanligi toʻgʻrisida ayblov bayonnomasi ham tasdiqlandi. Hatto, 1937-yil 28-noyabr kuni Xorazm NKVD qoshidagi mashʼum “Uchlik” uning oʻzisiz Safo Mugʻanniyni OʻzSSR JK 66-moddasi, 1-bandi bilan ayblab, 10 yil MTL (Mehnat tuzatish lageri) jazosiga hukm qilgan.
Xorazm viloyati sudida 1958-yil 19-aprel kuni Safo Mugʻanniy ishi koʻrib chiqilib, u oqlangan.
Bahrom IRZAYEV,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori.