Safda – yurtimizning jasur o‘g‘lonlari
FOTOREPORTAJ
Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlarida yangi chaqirilgan, boshlang‘ich harbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilar tantanali ravishda Vatanga qasamyod qildilar.
Farg‘ona garnizonidagi qismlarda muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun yurtimizning turli nuqtalaridan saralangan yigitlarda mazkur tadbir unutilmas taassurotlar qoldirdi. Unda Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari askarlarga mudofaa vazirining tabrigini o‘qib eshittirib, samimiy tilaklar bildirdi.
Tadbir saf maydoniga vatanimiz va Mudofaa vazirligi bayrog‘i olib kirilgach, yigitlar qat’iyat va ishonch bilan xalqimiz, Vatanimiz oldidagi muqaddas burchini ado etish uchun tantanali qasamyod qildi. Muddatli harbiy xizmatchilarga Prezident sovg‘alari topshirildi.
[gallery-17222]
Tadbirda harbiy xizmatchilar tomonidan ko‘rgazmali qo‘l jangi va saf chiqishlari namoyish etildi. Jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik fanlaridan yigirmadan ortiq nominatsiyada eng ilg‘or deb topilgan bir guruh muddatli harbiy xizmatchilarning ota-onalariga okrug qo‘mondonining tashakkurnomasi taqdim qilindi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA