Sabzavotzordagi millionlar...
Fargʻona viloyatida tomorqachilikda oʻziga xos maktab yaratib, yaxshi daromad topayotgan minglab oilalar farovon hayot kechirmoqda.
Fargʻona viloyatida tomorqachilikda oʻziga xos maktab yaratib, yaxshi daromad topayotgan minglab oilalar farovon hayot kechirmoqda.
Toshloq tumanidagi “Xonaqa” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi qishloqqa “bahor erta keladigan qishloq”, deya taʼrif beriladi. Sababi, tomorqachilik hadisini olgan mahalla ahli qish qahratonini pisand qilmay, bahorgi yumushlarni boshlab yuboradi. Fevral oyining dastlabki oʻn kunligida mahalla xonadonlaridagi issiqxonalarda bulgʻor qalampir, karam singari sabzavot ekinlari baravj rivojlanmoqda. Tomorqachilar eʼtirofiga koʻra, yana 30-35 kundan soʻng ilk hosil nishonalari el dasturxonini bezaydi.

Yangi xoʻjalikka koʻchib oʻtgan Mohinur Qoraboyeva turmush oʻrtogʻidan ayrilib, bir etak bolalari bilan yolgʻiz qoldi. Lekin boqimanda boʻlish, oʻzgalar qoʻliga qarab ish tutishni or bildi. Hatto mahalla fuqarolar yigʻinidan ijtimoiy yordam ham soʻramadi. Tomorqachilik hadisini olgan ayol farzandlariga bosh boʻlib, sabzavot ekinlari yetishtirib roʻzgʻorini butladi. Ayni kunda xonadon tomorqasidagi ikki sotixli issiqxonada 2 ming dona bulgʻor qalampir koʻchatlari kun sayin rivojlanmoqda. Issiqxonaga yondosh kaftdek maydon esa ekin ekish uchun hozirlab qoʻyilgan.
– Oʻtgan yili pomidorning oʻzidan 30 million, ertangi makka hosilidan 3 million soʻmdan ortiq daromad olganmiz, – deydi xonadon sohibasi. – Bu yil bulgʻor qalampirdan 7 tonnaga yaqin hosil olishni koʻzlab turibmiz. Ehtiyojimizdan ortgan hosilning bir kilosini 10 ming soʻmdan (oʻtgan yili 15 ming soʻm boʻlgan) sotganimizda ham 70 million soʻm daromad olamiz. Bundan tashqari, takroriy ekin sifatida kuzgi bodring, koʻkatlar yetishtiramiz. Yerga mehr berib mehnat qilgan, izlangan odam, albatta, uning rohati, samarasini koʻradi.

Orifjon Qurbonov ham mahalladagi usta tomorqachilardan. U bu hunar bilan chorak asrdan buyon mashgʻul boʻlib keladi. Xonadon tomorqasida boʻlgan kishi omilkorlik bilan ish tutayotgan tomorqachi mehnati, izlanishlari mahsuliga guvoh boʻladi. Xususan, nari borsa yarim sotix keladigan issiqxonada yashillik libosini kiygan ertangi karam koʻchatlarining bozori chaqqon. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, karam koʻchatining oʻzidan 25 million soʻm daromad olingan. Tomorqadagi har bir qarich yer hisob-kitobli. Ikki sotix plyonka ostiga 2 ming tup karam koʻchati qadalibdi, 3 sotix issiqxona esa ertangi pomidor koʻchatlarini ekishga hozirlab qoʻyilgan. Bundan uch yil avval issiqxonaga ekilgan limonlar rivoji avjida. Ayni kunda mandarin yetishtirish taraddudida ish olib borilmoqda.
– Oʻtgan kuz faslida limonariyalar oraligʻida bulgʻor qalampir yetishtirishni sinab koʻrgandik. Hosil kutilganidan ham yaxshi boʻldi. Yangi yil bayrami kunlarida har kilosini 40 ming soʻmdan sotdik, – dedi Orifjon aka.

Xonadondagi hamjihatlik, toʻkin-sochinlik, totuvlikka koʻpchilikning havasi keladi. Toʻrt oʻgʻilni kamolga yetkazish, uyli-joyli boʻlishida tomorqadan kelayotgan daromadning alohida oʻrni bor. Oila uzogʻini yaqin, ogʻirini yengil qilayotgan “Kaptiva”, “Lasetti”, “Kobalt”, “Damas” avtomashinalari ham mehnat va izlanish mahsuli.
– Mahallamizda boqimandalik kayfiyatidagi oilalar yoʻq. Faqat nogironligi boʻlgan, yakka-yolgʻiz 7 fuqaroga ijtimoiy nafaqa tayinlangan, – deydi “Xonaqa” mahalla fuqarolar yigʻini masʼul kotibi Rohatoy Saidmahmudova. – Chunki har bir oila tomorqadan samarali foydalanib keladi. Asosan sabzavot ekinlari yetishtirishda yaxshi tajriba toʻplangan. Ayni kunda 290 xonadonda issiqxona tashkil etilgan. Bu tomorqadan uch-toʻrt marta hosil olish imkonini beradi. Xotin-qizlar, ayniqsa, yoshlar bandligida tomorqaning alohida oʻrni bor. Kun davomida foydali mehnat bilan shugʻullangan odam koʻchaga chiqib bemaqsad yurmaydi, vaqtini bekor oʻtkazmaydi.

Mahallada har bir oila, koʻchalar kesimida tomorqadan samarali foydalanish borasida targʻibot ishlari olib borilmoqda. Oʻylab koʻring, bir sotix tomorqaga ekilgan 4 ming dona terak qalamchalari kamida uch yilda boʻy koʻrsatib navnihol boʻladi. Bir tup koʻchat 5 ming soʻmdan sotilgan taqdirda umumiy daromad hajmi uch yilda bor-yoʻgʻi yigirma million soʻmga boradi. Agar shuncha maydonda Xonaqa sharoitida sabzavot yetishtirilsa, bir yilning oʻzida 30 million soʻmdan ortiq daromad olish imkoniyati bor.
Xalqimizda “Yerni boqsang, yer seni boqadi” degan purmaʼno hikmat bor. Zamin halollik, eʼtibor kutadi. Tomorqa – har bir oilaning bamisoli xazina manbai, moʻjaz goʻshasi. Qolaversa, bir parcha yerning farzandlar tarbiyasidagi ahamiyati haqida ham unutmaslik kerak. Avvalo, tomorqada inson halol mehnatga oʻrganadi. Bir parcha yerga mehr berolmagan insonning hayotga munosabati ham bundan yaxshiroq boʻlmasligi mumkin. Tomorqadan foydalanish madaniyati qancha oshsa, yurtimizda turmush madaniyati ham shuncha yuksaladi.
