Ruminiyadagi nufuzli turnirda Sindorov sovrindor bo‘ldi
Ruminiya poytaxti Buxarest shahrida 9 ta turdan iborat “Superbet Chess Classic Romania 2026" xalqaro turnirining g‘olib va sovrindorlari aniqlandi.
Deyarli 10 kun davom etgan nufuzli turnir har jihatdan qiziqarli, kutilgan va kutilmagan voqealarga boy bo‘ldi.
Turnirda Jahon shaxmat tojiga da’vogar sanalgan hamyurtimiz Javohir Sindorovning qatnashgani tashkiliy qo‘mita tomonidan bot-bot e’tirof etildi va bu, Ruminiya musobaqalariga xalqaro shaxmat elitasining e’tibori yanada ortishiga xizmat qildi.

Hamyurtimiz, mahoratli shaxmatchimiz Sindorov uchun ushbu turnir u qadar ahamiyatli musobaqa bo‘lmasa-da, maqsad musobaqalar davomida tajriba orttirish, o‘yin ko‘nikmasini boyitish edi. Shu sabab, turnirning ilk turlarida Javohir u qadar g‘alaba yo‘lida kurash olib bormadi. Aksincha, taktik-texnik yurishlar, yangicha yondashuvlarni sinovdan o‘tkazdi. Ushbu holat ko‘rsatkichlarga ta’sir o‘tkazmay qolmadi.
Natijada 6-turgacha bo‘lgan o‘yinlarda biron marta ham g‘alaba qozonmadi. 1 ta mag‘lubiyat, 5 ta durang qayd etildi. 7 va 8-turlarda Vinsent Kaymer va Jorden van Forestni taslim etishi, 9-turda AQSH vakili Uesli So bilan murosa yo‘lini tanlashi oqibatida Sindorov musobaqani 3-o‘rinda yakunladi.
Mukofot jamg‘armasi 475 ming AQSH dollaridan iborat turnirning so‘nggi turida germaniyalik Vinsent Kaymer oq donalarda niderlandiyalik Jorden van Forestni mag‘lub etishi tufayli ochkolari sonini 6 taga yetkazgan holda g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi va 131,250 ming AQSH dollariga ega chiqdi.

O‘z navbatida, qora donalarda fransiyalik Maksim Vashe-Lagrav bilan durangga erishgan Fabiano Karuana 2-o‘rindan joy olishi natijasida 85,833 AQSH dollari miqdordagi pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
Oxirgi turda ochkolarni taqsimlab olgan Sindorov va So 3-o‘rinni band etishi asnosida 63,333 AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti sohiblari bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA