Ruhoniy aholini internetdan voz kechishga chaqirdi
Bir necha yil muqaddam diniy nafrat qo‘zg‘aganlikda ayblangan tojikistonlik ruhoniy internetni “asr vabosi”, deya atadi.
Bir necha yil muqaddam diniy nafrat qo‘zg‘aganlikda ayblangan tojikistonlik ruhoniy internetni “asr vabosi”, deya atadi. Eshoni Sirojiddin (Sirojiddin Abdurahmonov) ijtimoiy tarmoq va YouTubega joylashtirilgan o‘zining 18 daqiqalik videomurojaatida aholini vaqtni qadrlashga va internetdan voz kechishga chaqirdi.
Ruhoniy o‘z murojaatida Tojikiston monopoliyaga qarshi kurash muassasasining mobil Internet xizmatlari tariflarini oshirish borasidagi qarorini qo‘llab-quvvatlashi va dindorlarni “jahon o‘rgimchak to‘riga kirib o‘zlarining qimmatli vaqtini sarflamaslik”ka da’vat qildi.
Tojikiston Aksilmonopoliya xizmati 2019 yil 4 martdagi farmoyishi bilan mobil aloqa operatorlariga aksiz va soliqlar hisobga olinmagan holda 1 Mb internet uchun kamida 5 diram narx belgilashni yukladi. 18 apreldan boshlab operatorlarning bir gigabayt (1024 Mb) interneti kamida 62 somoni turadi. Avvallari tojik operatorlarining 1 Gb internet narxi taxminan 30-35 somoni turardi.
Tojikistonlik ruhoniyning fikricha, internet “Tojikistondagi ko‘plab kulfatlar manbaidir, u buzuqlik va zinoga sabab bo‘ladi, xiyonatni keltirib chiqaradi”.
“Men go‘zal opa-singillarim, ajoyib Tojikiston xalqiga murojaat qilib internet yoki ijtimoiy tarmoqlarga kirib vaqtini behuda ketkazmasliklarini so‘rardim”, - deydi Eshoni Sirojiddin o‘z videomurojaatida.
Tojik ruhoniysi shuningdek, dindorlarga murojaat qilar ekan, hukumat qaroriga shak-shubhasiz itoat etishga, oldindan aytib bo‘lmaydigan “turli oqibatlarga olib keluvchi ig‘vogarliklardan ehtiyot bo‘lishga” chaqirdi.
Eshoni Sirojiddin Tojikistondagi “Salafiya” harakatining norasmiy yetakchisi sifatida ko‘riladi. 2009 yilda ruhoniy Tojikiston Jinoyat Kodeksining 189-moddasi (“Milliy, irqiy, mahalliy va diniy nafrat qo‘zg‘atish”) bilan 7 yil ozodlikdan mahrum qilingan edi. U panjara ortida 2013 yilgacha bo‘ldi – Eshoni Sirojiddinning umumiy muddatini uch yili Tojikiston mustaqilligining 20 yilligi munosabati bilan 2011 yil 20 avgust kuni e’lon qilingan “oltin” amnistiyaga tushdi.
Tojikistonda taqiqlangan diniy tashkilotlar ro‘yxatiga “Salafiya” harakati 2009 yil yanvarda kiritilgan. Oradan salkam besh yil o‘tib – 2014 yilning 8 dekabrida Tojikiston Respublikasi Oliy sudi harakatni ekstremistik guruh, deb e’lon qildi.