Rubio: Eron bilan kelishuv istalgan paytda amalga oshishi mumkin
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Eron bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv yaqin vaqt ichida imzolanishi mumkinligini bildirdi, deb xabar berdi “Italpress” axborot agentligi.
Qayd etilishicha, Hindiston poytaxti Nyu-Dehli shahrida jurnalistlar bilan muloqot qilgan amerikalik siyosatchi muzokaralar jarayoni davom etayotganini qayd etgan.
– Kecha kechqurun ma’lum yangiliklar bo‘ladi, deb o‘ylagandik. Biroq bu masalaga ortiqcha dramatizm berish kerak emas. Menimcha, bugunning o‘zidayoq kelishuvga erishish imkoniyati bor, – dedi Rubio.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokara doirasida dengiz yo‘li va bo‘g‘oz xavfsizligini ta’minlash, ularni xalqaro harakat uchun ochiq saqlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Rubio taklif etilayotgan tashabbus Fors ko‘rfazi davlatlari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganini ham ta’kidladi.
– Biz muloqot qilgan barcha davlatlar mazkur taklif nafaqat oqilona, balki butun dunyo manfaatiga mos ekanini tushunib turibdi. Fikrimcha, Eron yadroviy dastur masalasi bo‘yicha aniq, mazmunli va vaqt bilan cheklangan muzokaraga kirishadi, — dedi AQSH Davlat kotibi.
So‘nggi haftalarda Yaqin Sharqdagi keskinlik ortidan Eron atrofidagi vaziyat xalqaro hamjamiyat diqqat markazida qolmoqda. Qo‘shma Shtatlar va uning mintaqadagi ittifoqchilari yadroviy dastur hamda dengiz kommunikatsiyasi xavfsizligi yuzasidan diplomatik yechim izlashga urinmoqda.
D.Hakimov, O‘zA