Rossiyalik taniqli teleboshlovchi mundialda O‘zbekiston terma jamoasiga muxlislik qilishini aytdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatining final bosqichiga yo‘llanma oldi.
Taniqli rossiyalik teleboshlovchi va sport sharhlovchisi Dmitriy Guberniyev O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2026-yilgi jahon chempionatidagi imkoniyatlarini yuqori baholadi va jamoaning guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tishiga ishonch bildirdi.
"Men ularning mundial finalida o‘ynashlari mumkinligini ham istisno qilmayman — futbolda hamma narsaning iloji bor. Shaxsan o‘zim ushbu terma jamoaga muxlislik qilaman. Men turnirda O‘zbekiston — Niderlandiya finalini kutyapman", — dedi Guberniyev.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatining final bosqichiga yo‘llanma oldi. Vakillarimiz musobaqaning "K" guruhida Kolumbiya, Portugaliya va Kongo DR terma jamoalari bilan birgalikda kuch sinashishadi.
O‘zbekiston terma jamoasi mundialdagi debyut uchrashuvini 18-iyun kuni Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi. Mazkur bahs Toshkent vaqti bilan soat 07:00 da start olishi rejalashtirilgan.