Rossiyalik shifokor olim tajriba almashdi
Rossiyaning Mixail Lomonosov nomidagi davlat mukofoti laureati, Arxangelsk viloyatidagi Shimoliy davlat tibbiyot universiteti anesteziologiya va reanimatologiya kafedrasi dotsenti Denis Uvarov Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida bo‘ldi. Olim muassasa faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Rossiyalik anesteziolog-reanimatolog olim filial mutaxassislari bilan uchrashdi. Zamonaviy anesteziologiyaning dolzarb masalalariga doir ma’ruza o‘qidi. Shuningdek, “Regionar anesteziyada yangi istiqbolli uslub” mavzusida mahorat darslarini o‘tkazdi. Filial anesteziolog-reanimatolog mutaxassislari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Bundan tashqari, rossiyalik mutaxassis filial anesteziologlari bilan birgalikda travmatologik operatsiyalardan oldingi va operatsiyadan keyingi og‘riqlarni qoldirish maqsadida, xususan, yelka chigali anesteziyasi, ginekologik operatsiyalarda “TAR blok”, jarrohlik operatsiyalarda “ESP blok” uslublari, shuningdek, ultratovush tekshiruvi apparati yordamida regionar anesteziya jarayonini amalga oshirdi.

O‘rganish va mahorat sabog‘ida bemorlarda aorta koronar shuntlash operatsiyasidan so‘ng og‘riqsizlantirish maqsadida “parasternal blokada” usuli ultratovush tekshiruvi nazorati ostida ko‘rgazmali bajarildi. Yuqori darajadagi bu amaliyotlar bevosita 10 nafar bemorda amalda qo‘llandi.
Shuningdek, mahalliy shifokor mutaxassislar tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatni yuqori baholagan Denis Uvarov muassasada xirurgik reanimatsiya, neyroreanimatsiya, kardioreanimatsiya va shok palatalarining ishlash tizimi, bunda joriy qilingan tartib va davolash ishlari bilan batafsil tanishdi. Kasalxonada yotib davolanayotgan bemorlar umumiy ahvolini ko‘zdan kechirib, ular tashxisi va davo muolajalariga oid maslahat va tavsiyalar berildi.
– Filial anesteziolog-reanimatolog mutaxassislari bilan hamkorlikni davom ettirish, telemeditsina orqali tavsiyalar berishga doimo tayyorman, – deydi rossiyalik mutaxassis Denis Uvarov. – Mahalliy mutaxassislar malaka va tajribasini oshirish, ikki tomonlama o‘zaro tibbiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish borasida kelishuvga ham erishdik.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri