Rossiyalik jurnalistlar Toshkentda
Rossiyaning taniqli “Pervыy kanal” (ORT) va “Izvestiya” telekanallari jurnalistlaridan iborat bir guruh ommaviy axborot vositalari vakillari Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkentdagi filialida bo‘ldi.
Tashrifdan ko‘zlangan maqsad filialdagi o‘quv jarayonlar bilan jonli tarzda tanishish va ularni yoritishdan iboratdir. Uchrashuvda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov ishtirok etib, rossiyalik jurnalistlarga intervyu berdi. Unda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida oliy ta’lim sohasida hamkorlik keng qamrovli va uzoq muddatli ekanligini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida rossiyalik muxbirlar talabalarning kasbiy tanlovlari, kundalik o‘qish va izlanishlari, pedagogika sohasining istiqbollari haqidagi fikrlari bilan qiziqdilar. Oliygohda dars beradigan professor-o‘qituvchilar o‘zlarining innovatsion yondashuvlariga to‘xtalib, talabaning o‘qishga ishtiyoqini oshiradigan ta’limning eng so‘nggi namunalari haqida fikr yuritdilar.

Aytish kerakki, Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkentdagi filiali joriy o‘quv yilida o‘z eshiklarini talaba-yoshlar uchun ochdi va qisqa muddat ichida katta qiziqish uyg‘otdi.
N.Usmonova, O‘zA