Rossiyada "Telegram" qamali: cheklov yangi bosqichga chiqdi
Rossiyada “Telegram” faoliyati bilan bog‘liq jiddiy uzilish kuzatilib, platformaga kirish 95 foizgacha cheklandi. Minglab foydalanuvchi aloqa yo‘lini tiklash uchun chora izlayapti.
24 soat ichida messenjer faoliyatida jiddiy texnik muammo kuzatilishi sabab, foydalanuvchilardan 2 600 ga yaqin shikoyat tushgan. Mutaxassislar qayd etishicha, ilovaga kirishdagi to‘siq darajasi 95 foizga yetgan. Bu ko‘rsatkich boshqa manbalarga cheklovdan ancha yuqori. Eng ko‘p nosozlik Moskva va Sankt-Peterburgda qayd etilgan. Vaziyat VPN xizmatidan foydalanuvchilarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Ekspertlar ayni texnik cheklov mamlakatdagi so‘nggi siyosiy voqealar, masalan “Memorial” tashkiloti faoliyati taqiqlanishi va “Novaya gazeta” tahririyatidagi tekshiruv bilan bog‘liqligini taxmin qilmoqda. Messenjer barqaror ishlamayotgani bois, ko‘pchilik muqobil yechim izlay boshlagan. Xususan, aloqadagi to‘siqni chetlab o‘tish maqsadida Rossiyada O‘zbekiston aloqa operatorlariga tegishli SIM-kartalarga qiziqish sezilarli darajada ortgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA