Rossiya va Eron: do‘stlikdan raqobatgacha...
Yaqin Sharq – “katta o‘yinchilar” o‘rtasidagi munosabatlar har doim murakkab bo‘lgan mintaqadir. Masalan, Suriyada Rossiya va Eronning ko‘p manfaatlarga ega ekanligi tez-tez takrorlanadi.
Yaqin Sharq – “katta o‘yinchilar” o‘rtasidagi munosabatlar har doim murakkab bo‘lgan mintaqadir. Masalan, Suriyada Rossiya va Eronning ko‘p manfaatlarga ega ekanligi tez-tez takrorlanadi.
Bu haqiqat, lekin ikki davlat o‘rtasidagi tafovutlar kuchayib borayotgani va hamkorlik sohalari o‘z o‘rnini raqobat maydonlariga bo‘shatib berayotgani ham haqiqatdir.
Suriyada harbiy mojaro avjiga chiqqan davrda Rossiyaning unga qo‘shilishidan keyin o‘ziga xos mehnat taqsimoti sodir bo‘ldi: havo kuchlari Moskvaning zimmasida bo‘lsa, Eron maslahatchilar, qurolli kuchlar va ko‘ngilli askarlar orqali o‘z mehnat qismini oldi. Ularning o‘rtasida zarur simbioz yaratildi.

Damashq hukumati sezilarli istisnolardan tashqari (Frot daryosining sharqiy qirg‘oqlaridagi kurd kuchlari nazorati ostidagi hudud, Turkiya shimoli-g‘arb tomonidan egallab olgan hududlar va Idlib zonasi) Suriya hududining deyarli to‘liq hukmronligi tomon harakatlanmoqda.
Idlib muxolifat guruhlarining so‘nggi tayanchi, harbiy operatsiyalar boshlansa, bu yerda gumanitar halokat xavfi mavjud, chunki tinch aholi ikki olov o‘rtasida. Ma’lumki, Eron tarafdori bo‘lgan jangarilar ushbu anklavdagi urush harakatlarida ishtirok etishmaydi.
Garchi yetakchilar yuqori darajadagi o‘zaro tushunish haqida gapirishda davom etsalar ham, munozaraning ikkita muhim sohasi paydo bo‘ladi: Suriyaning kelajakdagi siyosiy tashkiliy tuzilmasi va mamlakat infratuzilmasini qayta qurish.
Ikkala masala bo‘yicha ham erishilgan natija, Moskva va Tehronning kelajakda Suriyadagi va shu bilan birga, Yaqin Sharqdagi ta’sir darajasini aniqlaydi.
IQTISODIY RAQOBAT
Eron to‘qnashuv boshlanganidan beri Suriyaga 100 milliardlab dollar sarflagan degan, xabarlar mavjud. Shu sababli Eronning xalqaro iqtisodiy sanksiyalar fonida uning Suriyadagi siyosati o‘z aholisi orasida tanqidlarni keltirib chiqarayotgan bo‘lsa-da, qandaydir foyda olishdan manfaatdorligi tushunarli.
Ukraina mojarosidan kelib chiqadigan sanksiyalarga duchor bo‘lgan Rossiya ham xuddi shunday vaziyatda, Suriyadagi harbiy kampaniyasidan iqtisodiy foyda olishga harakat qilmoqda.
Prezident Bashar Asad esa ikki harbiy ittifoqchisi o‘rtasida murakkab vaziyatga tushib qolgan. 2011 yildan beri Suriya prezidenti faqat ikkita yo‘nalishga safar qildi: Rossiya (2015 yil oktabr, 2018 yil noyabr va 2018 yil may) va Eron (2019 yil fevral).
Xalqaro maydonda yakkalanib qolgan Asadga Moskva va Tehronning harbiy va siyosiy qo‘llab-quvvatlashi shunchalik muhim ediki, u ko‘p jabhalarda ittifoqchilar foydasiga qaror qildi.
Endigi vazifa – hamma ham bir xil foyda ko‘ra olmasligini bilgan holda ittifoqdoshlarning talablariga bo‘lgan muvozanatni qanday topishda.
O‘rta yer dengizidagi Latakiya portlari strategik ahamiyatga ega bo‘lganligi sababli, ruslar va eronliklar qiziqishlari nisbatan ko‘proq to‘qnashgan nuqtalardan biridir.
Shu yilning fevral oyida Bashar Asad Eronga tashrif buyurdi va u yerda Eron Islom respublikasining yuqori organlari bilan uchrashdi (o‘sha kuni Vladimir Putin Moskvada Isroil Bosh vazirini qabul qildi). Tehronda Latakiya portidan Eron kompaniyalari foydalanishi uchun kelishuv e’lon qilindi.

Bu kelishuv 10 yildan beri portdan foydalanib kelayotgan boshqa kompaniyaning konsession shartnomasi tugashi bilan kelgusi yilning oktabr oyidan kuchga kiradi.
Rossiyaning javobi tez bo‘ldi. Aprel oyi oxirida Rossiya Bosh vazirining o‘rinbosari Yuriy Borisov Suriya prezidenti bilan uchrashish uchun Damashqqa tashrif buyurdi va Rossiyaning “STG Engineering LLC” kompaniyasi Suriya transport vazirligi bilan modernizatsiya va boshqarish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qildi.
Suriya parlamenti 13 iyun kuni Rossiya shirkati bilan AQSh tufayli yangi inqirozga botgan Eronga qarshi Rossiya ta’sirining kuchayganidan dalolat beruvchi shartnomani ma’qulladi.
Ushbu vaziyatni kontekstida Tehron Tartus portida o‘z pozitsiyasini egallashga uringanini, ammo Rossiya qiziqish doirasi bilan to‘qnashganligini esga olishimiz kerak.
Moskva uchun Livan chegarasidan atigi 30 kilometr va Livanning Tripoli (Liviyaning Tripoli shahri bilan adashtirilmasin) portidan 60 kilometr uzoqlikda joylashgan ushbu port muhim ahamiyatga ega. Sharqiy O‘rta yer dengizidagi gaz konlarining ahamiyati oshgani sayin, ushbu mintaqa portlarining ham ahamiyati o‘z-o‘zidan oshib boradi.
Shu nuqtai nazardan eroniylar va ruslar qiziqish bildirgan Banias porti bilan nima sodir bo‘lishini kuzatish qiziqarli bo‘ladi. Bu kelajakda Tehron va Moskva o‘rtasidagi aniq qarama-qarshilik maydoni bo‘lishi mumkin. Ushbu port unda joylashgan neftni qayta ishlash zavodi tufayli katta ahamiyatga ega.
Suriya urush natijasida uglevodorodlar tanqisligidan aziyat chekmoqda. Suriya iqtisodiyoti uchun zarur bo‘lgan neftning kuniga 136 ming barrelidan faqat 24 mingini ishlab chiqaradi, qolgan qismini, ya’ni har oyda 200 million dollarlik neftni import qilish kerak.
2011 yilgacha mamlakatda kuniga 385 ming barrel neft ishlab chiqarilgan. O‘tgan yilning oktabr oyiga qadar Eron Suriyaga Eron neftini sotib olishga imkon beradigan kredit liniyasini taqdim etdi. Shundan beri Tehronga qarshi xalqaro sanksiyalar Suriyaning energiya ehtiyojining 80 foizini tashkil etadigan dasturning uzluksizligini murakkablashtirdi.
Mart oyida AQSh Moliya vazirligi Tehronga nisbatan AQSh sanksiyalarining kuchayishi natijasida Eronning cheklanganligi ortidan qo‘shimcha ravishda Suriyaning neft va gaz sohalariga nisbatan sanksiyalarni joriy qildi. Suriyada energiya inqirozi vujudga keldi, bu esa Suriya hukumatiga yana o‘sha ikkita variantni beradi – Rossiya va Eron.
Ushbu sektorda portda bo‘lgani kabi Rossiya Eronning zaif holatidan foydalanib, o‘z kompaniyalari uchun shartnomalar, imtiyozlar va soliq imtiyozlari bo‘yicha ustunlikka ega bo‘ldi. Suriya Moskva va Tehron o‘rtasidagi iqtisodiy manfaatlar uchun kurash sahnasiga aylandi.
MUDOFAA VA XAVFSIZLIK TIZIMIDAGI RAQOBAT
Suriyaning siyosiy kelajagi nafaqat mamlakatning konstitutsiyaviy tuzilishi, balki xavfsizlik va mudofaa apparatini tashkil qilish bilan ham bog‘liq.
Hech kimga sir emaski, Suriyadagi Eron harbiy qo‘shinlari (to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita) Isroil tomonidan katta tashvish bilan ko‘rilmoqda.
So‘nggi yillarda ushbu qo‘shinlarga qarshi amalga oshirilgan havo zarbalari bu masalaning Tel-Avivning xavfsizlik kun tartibida qanday o‘rin tutishini va shu bilan birga, Isroil va Rossiya o‘rtasidagi aloqa nuqtasini ko‘rsatmoqda. Ikkala davlat ham, har biri alohida sabablarga ko‘ra, Eronning Suriyadagi harbiy kuchlarining ozroq bo‘lishidan manfaatdordirlar.
Markaziy munozara qaysi jangarilar qurolsizlantirilishini va qaysi biri Suriya mudofaasi va xavfsizlik tizimiga qo‘shilishini aniqlashdir.
Rossiya hukumati mojarodan keyingi ssenariyni ma’qullaydi, bu yerda Suriyaning markaziy hukumati kuch ishlatish monopoliyasini amalga oshiradi va buning uchun mojaroda ishtirok etgan xorijiy kuchlarning chiqib ketishini ma’qullaydigan ustuvor vazifalarni bajaradi.
Shuning uchun Prezident Putin Suriyada joylashtirilgan harbiy vositalariga, Isroilning Suriyadagi Eron pozitsiyalariga doimiy havo hujumlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilmadi.
Moskva, shuningdek, Damashq atrofidagi joylarda to‘qnashuvlarni to‘xtatganligi sababli, Eron qo‘shinlari Suriya poytaxtidan chiqib ketishgan.
Shu munosabat bilan Salim Harbaning aprel oyi boshida Suriya armiyasining yangi bosh shtab boshlig‘i etib tayinlanishi, ushbu nufuzli ofitserning Moskvaga yaqin pozitsiyasi tufayli Rossiya ta’sirining kuchayganligidan dalolat beradi.
Bu holda Eron-Rossiya raqobatining uchta tomoni bor: mas’uliyatli lavozimlarga o‘zlariga yaqin bo‘lgan mansabdor shaxslarni afzal ko‘rish, Suriya davlati tomonidan kuchlarning monopoliyasini kafolatlash uchun ko‘ngilli askarlarni birlashtirish va ularning uzoq muddatli faoliyatini ta’minlash. Bunga Suriyada havo bazasi va harbiy-dengiz bazasiga ega bo‘lgan Rossiya erishgan. Bu borada Moskvaning ustunligi aniq.

O‘ZI YO‘QNING KO‘ZI BORMI?
Zbignev Bjezinskiyga aytgan: “Agar siz stol atrofida yo‘q bo‘lsangiz, siz menyuni aniq bilasiz“, degan ibora hozirgi paytda Eron vaziyatini juda yaxshi namoyish etadi.
Shu yilning iyun oyida Isroil (Meir Ben Shabbat), Rossiya (Nikolay Patrushev) va AQSh (Jon Bolton) milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari Quddusda yig‘ilishdi.
Eron masalasi kun tartibidan chiqmagan bo‘lsa-da, asosiy masala Suriya bo‘ldi. AQSh va Isroil Rossiyaga o‘z iqtisodiy sanksiyalarni olib tashlash, Qrimni Rossiyaning tarkibiy qismi sifatida tan olish yoki Bashar Asadning hokimiyat tepasida qolishini qabul qilish va tan olish nuqtai nazaridan, Rossiyani ushbu yo‘nalishda olg‘a siljitish uchun biron-bir rag‘bat taklif qilmagan bo‘lsa-da, turli sabablarga ko‘ra bu uch davlat Eronning Suriyadagi harbiy ishtirokini qisqartirish maqsadini kelishib olishdi.
Agar kelishuvga erishilgan bo‘lsa ham, uni qanday amalga oshirish mumkin? Eron qo‘shinlari bir og‘iz so‘z aytmasdan chiqib ketishadimi? Gap faqat Eron qo‘shinlari yoki xorijiy qo‘shinlar haqida emas, balki sakkiz yillik urush davomida qurilgan Suriya qurolli kuchlari va xavfsizligi haqida.
Bularning barchasi bizni Rossiya Eronga qarshi tajovuzkorona harakat qilmaydi, degan fikrga olib keladi. Bu sekin tartibga solinadigan taktik yurish bo‘ladi.
Tehron o‘zining AQSh bilan ziddiyatlari Suriyada ta’sir o‘tkazish imkoniyatini pasaytirishini biladi. Uning siyosiy sarmoyasi kam, shuning uchun undan ehtiyotkorlik bilan foydalanish kerak.
Tehronning vazifasi “Ostona jarayoni” formatini qo‘llab-quvvatlashi va Suriya kurdlari bilan Damashq hukumati o‘rtasida o‘zaro til topishni ta’minlaydigan konstitutsiyaviy qo‘mita yaratilishini ma’qullash.
Tehron uchun Suriyaga ta’sir qilishning yagona yo‘li – kurdlar va markaziy hukumat o‘rtasidagi kelishuvni qo‘llab-quvvatlash orqali mamlakatning sharqiy qismini Eronning manfaati va ishtiroki bo‘lgan boshqa davlat, Iroq bilan bog‘lash.
XULOSA
Rossiya Suriyada qabul qilinuvchi qarorlarga ta’siri bo‘yicha Eronga nisbatan aniq afzalliklarga ega. Bir tomondan Tehron o‘z muammolari tufayli Damashqqa Moskva taklif qilishi mumkin bo‘lgan diplomatik yordamni bera olmaydi.
Boshqa tomondan Damashqda Rossiyaning ta’sir doirasiga qarshi biron-bir muvozanat kerak deb o‘ylashadi. Kelajakda Suriya hukumatining markaziy nuqtalaridan biri aynan shu bo‘ladi va suriyaliklar bundan xabardor.
Rossiya uchun endi Eron bilan harbiy hamkorlik to‘g‘risida emas, balki iqtisodiy va siyosiy raqobat haqida gap ketmoqda, garchi biz mojarolar haqida hozircha gapira olmasak-da.
Ehtimol, Rossiya hukumati Suriyadagi o‘z pozitsiyalarini Eronning xalqaro hamjamiyat bilan tarang munosabatlaridan foydalangan holda kuchaytirishi, Isroil va AQShning ham bu holatdan qandaydir foyda olishiga qarshi harakat qilishi mumkin.