Rossiya delegatsiyasi Toshkent shahridagi “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti filiali talabalari bilan uchrashdi
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko boshchiligidagi delegatsiya Toshkent shahridagi “Moskva muhandislik-fizika instituti” milliy tadqiqot yadro universitetining filialiga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-iyuldagi “Toshkent shahrida “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining filialini tashkil etish va uning faoliyatini tashkillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan tashkil etilgan ushbu oliygohda bugungi kunda 250 nafarga yaqin talaba jahon ta’lim standartlari asosida tahsil olmoqda.
Ta’kidlash kerakki, “MMFI” muhandislik-fizika sohasida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha dunyoda o‘z salohiyatiga ega oliygohdir. Universitet yadro ta’limi va texnologiyalari bo‘yicha dunyoda to‘rttinchi o‘rinda turadi.
Delegatsiya a’zolari oliygohning kovorking hududida talabalar bilan uchrashuv o‘tkazib, ularning kelajakdagi reja va maqsadlari xususida suhbat qurdi. Bu yerda yadro fizikasi, energetika, muhandislik va zamonaviy texnologiyalar sohalariga yo‘naltirilgan ta’lim tizimi yoshlarga keng imkoniyatlar taqdim etishi qayd etildi.
[gallery-28762]
Shundan so‘ng mehmonlar uchun filial bo‘ylab ekskursiya o‘tkazildi. “Virtual reallik va revers injiniring”, “Energoaudit va energoservis”, “AES analitik trenajyorlari” kabi ilg‘or muhandislik maktabi laboratoriyalari faoliyati bilan tanishuv bo‘ldi.
Delegatsiya vakillariga zamonaviy texnologiyalar asosida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, energiya samaradorligini oshirish, resurslarni tejash va korxonalarda energiya iste’molini tahlil qilish bo‘yicha amaliy ishlanmalar ko‘rsatildi. Shuningdek, laboratoriyalar doirasida amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar va startaplar ham taqdim etildi.
Behruz XUDOYBERDIEV,
Nosirjon HAYDAROV (surat), O‘zA