Rossiya armiyasi kengaymoqda
Prezident Vladimir Putin armiya tarkibini yana 15 yarim ming harbiyga ko‘paytirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu yil davomidagi to‘rtinchi shunday qaror bo‘lib, mart oyidan beri Rossiya Qurolli kuchlari belgilangan shaxsiy tarkibi 47 860 kishiga oshdi.
Yangi farmonga ko‘ra, Qurolli kuchlar umumiy shtat birligi 2 441 630, jumladan harbiy xizmatchilar soni 1 550 500 nafarga yetkaziladi. Hujjatda qarorning sababi ko‘rsatilmagan. Mazkur qadam Rossiya va Ukraina tomonidan yo‘qotish ortib borayotgan, frontda esa Moskva qo‘shini oldinga siljishi sekinlashgan paytga to‘g‘ri keldi. Drondan keng foydalanilishi yirik harbiy guruhlar tez harakatlanishini qiyinlashtirgan, so‘nggi haftalarda ukrain armiyasi frontning ayrim qismlarida oldinga siljigani haqida xabarlar tarqalgan.
RFda safarbarlik masalasi shu tariqa yana kun tartibiga chiqdi. RF yetakchisi so‘nggi bor 2022-yil sentabrida frontdagi qator muvaffaqiyatsizlikdan keyin zaxira harbiylarini qisman safarbar qilgan va o‘sha farmon hanuz kuchda. Kiyev razvedkasi avgust oyida Moskva tomonidan joriy yil frontga 300 000, kelasi yil yana shuncha odam jalb qilish rejalashtirilayotganini bildirgan. Putin bunday xabarlarni “butunlay safsata” deb atagan, Kreml armiya ehtiyoji shartnoma asosida xizmat qilayotganlar va ko‘ngillilar hisobiga qoplanayotganini aytgan. Zelenskiy esa yangi farmonni sharhlar ekan, Rossiyada qo‘shimcha safarbarlik amalda boshlanganini ta’kidlagan.
Musulmon Ziyo, O‘zA