Roberto Manchini Italiya terma jamoasiga qaytmaganidan norozi
Roberto Manchini boshchiligida Italiya terma jamoasi katta yutuqlarga erishgan. Jamoa Yevro–2020 g‘olibiga aylangan hamda 37 ta o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriya qayd etgan.
Italiyalik mutaxassis Roberto Manchini Italiya terma jamoasi bosh murabbiyligiga yana taklif etilmaganidan hafsalasi pir bo‘lgan. Bu haqda Corriere della Sera xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Manchini terma jamoaga qaytishga tayyor bo‘lgan va Italiya futbol federatsiyasi vakillari u bilan bog‘lanishini kutgan. Biroq OAV xabarlariga qaraganda, bosh murabbiy lavozimi Andrea Pirloga ishonib topshirilishi mumkin. Aynan shu holat Manchinining noroziligiga sabab bo‘lgan.
Roberto Manchini boshchiligida Italiya terma jamoasi katta yutuqlarga erishgan. Jamoa Yevro–2020 g‘olibiga aylangan hamda 37 ta o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriya qayd etgan.
Shunga qaramay, keyinchalik Italiya JCH–2022ga yo‘llanma ololmagan. Oradan ko‘p o‘tmay Manchini kutilmaganda lavozimini tark etib, Saudiya Arabistoni terma jamoasini boshqargan.
2025-yilda u Qatarning «Al-Sadd» klubiga o‘tgan, biroq u yerda bir yildan kamroq ishlagan va hozircha hech qaysi jamoani boshqarmayapti.
Avvalroq Italiya futbol federatsiyasi Karlo Anchelotti va Xosep Gvardiola bilan ham muzokara o‘tkazgan, biroq har ikki mutaxassis taklifni rad etgan edi.