Robaxon Mahmudova: keng jamoatchilikning partiyamizga ishonchi ortmoqda
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisi Robaxon Mahmudova Andijon viloyatida bo‘lib, partiya faollari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mazmun-mohiyatini targ‘ib etish, hududiy partiya kengashlari faoliyatini jonlantirish, fuqarolarning huquqiy savodxonligi va madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tadbirlarda ishtirok etdi.
Robaxon Mahmudova dastlab partiya tuman, shahar kengashlari raislari, faollari, mahalliy Kengashlar deputatlari ishtirokida Andijon davlat tibbiyot institutida “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya – inson, jamiyat va davlat rivojining garovi” mavzusida tashkil etilgan davra suhbatida qatnashdi.
Partiya yetakchisi yig‘ilganlarga yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning qabul qilinishi va uning avvalgisidan farqlari xususida keng tushunchalar berdi. Bosh qonunimizga kiritilgan o‘zgarishlar xususida atroflicha to‘xtaldi.
Bugungi kunda fuqarolarning siyosiy faolligini oshirish, huquqiy bilim va madaniyatini yuksaltirish har qachongidan ham dolzarb vazifaga aylanganligi, qonunchiligimizga kiritilayotgan o‘zgarishlar zamirida aynan shu masala yotishini, bu borada siyosiy partiyalar oldiga davlatimiz rahbari tomonidan katta vazifalar qo‘yilayotganligini alohida ta’kidladi.
Yangi O‘zbekistonda qonun ustuvorligini ta’minlash masalasi O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining saylovoldi dasturida ham bosh maqsad qilib olingan, qolaversa, partiya faoliyatning asosiy va muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
[gallery-15887]
“Kuch – adolatda” shiori ostida belgilangan vaziflardan kelib chiqib, partiya a’zolari tomonidan qonunlar ijrosini ta’minlash, fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Natijada partiyaning jamiyatdagi nufuzi, keng jamoatchilikning partiyaga bo‘lgan ishonchi ortib bormoqda.
Bosh qomusimizda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z ifodasini topdi. Jumladan, 7-moddaning birinchi bandida “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai”, degan norma belgilab qo‘yilgan. Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda Yangi O‘zbekiston – inson sha’ni va qadr-qimmati, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari oliy qadriyat hisoblangan davlat bo‘lishi, xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi, barcha muhim qarorlar aholi ishtirokida, fuqarolik jamiyati institutlari bilan maslahatlashuv asosida qabul qilinishi kabi prinsip va g‘oyalarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Partiya yetakchisi tadbir ishtirokchilariga Konstitutsiyani keng targ‘ib etish, partiya faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berdi, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga to‘xtaldi.
Partiya siyosiy kengashi raisi Andijondagi tadbir va uchrashuvlar doirasida partiyaning viloyat, Izboskan va Bo‘ston tumanlari kengashlari hamda Andijon viloyati Onkologiya dispanseridagi boshlang‘ich partiya tashkiloti faoliyati bilan tanishdi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari