“Riyod – 2025”: Ikki nafar bokschimiz yarim finalda
Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida VI Islom birdamligi o‘yinlarida bugun, 7 noyabr kuni musobaqalar o‘tkazilmaydi. Chunki bugun VI Islom birdamligi o‘yinlarining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Kuni kecha VI Islom birdamligi o‘yinlarining boks bahslarida O‘zbekiston delegatsiyasining 3 nafar vakili chorak final janglarini o‘tkazdi. Unga ko‘ra, Zilolaxon Yusupova -51 kg. vaznda mezbon bokschi Yara Alamrini ikkinchi raundda texnik nokautga uchratgan bo‘lsa, Xumorabonu Mamajonova vazni -57 kg. bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari bahsida pokistonlik Laura Akramni 5:0 hisobida mag‘lub etdi. Afsuski, -65 kg. vaznda Mohira Ahmedova jazoirlik Chaib Ichrakga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Futzal bahslarining ikkinchi turida O‘zbekiston terma jamoasi “A” guruhida Ozarbayjon termasini 13:2 hisobida taslim etdi. Shuningdek, guruhdagi ikkinchi o‘yinda Saudiya Arabistoni 5:1 hisobida Liviyadan ustun keldi. “B” guruhida esa Afg‘oniston – Eron 2:2, Marokash – Tojikiston 7:1 hisobidagi natijalar qayd etildi.

Endi 8 noyabr kuni O‘zbekiston – Liviya, Ozarbayjon – Saudiya Arabistoni, Afg‘oniston – Marokash, Eron – Tojikiston terma jamoalari 3-tur uchrashuvlarini o‘tkazadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA