RF Mudofaa vazirligi: Ukrainaning 151 droni urib tushirildi
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 11-oktabr soat 20:00 dan 12-oktabr soat 08:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida mamlakat havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan Ukrainaga tegishli 151 samolyot tipidagi dron yo‘q qilindi. Bu haqda “Anadolu” xabar bergan.
Havo hujumi Belgorod, Bryansk, Kaluga, Kursk, Rostov, Smolensk, Tver, Tula va Yaroslavl viloyatlari, Moskva oblasti, Qrim yarim oroli hamda Qora dengiz akvatoriyasi hududida qaytarilgan.
Shu bilan birga Rossiya harbiy idorasi Ukraina ehtiyoji uchun foydalanilgan to‘rt lokomotivga “Geran” droni orqali zarba berilganini ma’lum qildi. Ushbu hujum Odessa va Krivoy Rog shaharlari, shuningdek Dnepropetrovsk viloyati Pyatixatki aholi manzili hududida amalga oshirilgan.
Bundan tashqari Ukraina port infratuzilmasiga zarba berilishi davom ettirilib, tun davomida Odessa portiga harbiy yuk yetkazib berayotgan quruq yuk tashuvchi kemaga shikast yetkazilgani bildirildi. O‘z navbatida Belgorod viloyati gubernatori Aleksandr Shuvayev sutka davomida hudud Ukraina tomonidan 130-marta hujumga uchraganini xabar qildi. Zarba 11 munitsipal okrugga to‘g‘ri kelgan: 8 joyda 4 artilleriya otishmasi va drondan portlovchi moslama tashlanishi holati qayd etilgan.
24 soatda viloyat hududida 92 o‘zi uchar uchoq urib tushirilgan va zararsizlantirilgan. Gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, Valuy okrugida bir kun oldin yuz bergan hujum oqibatida bir erkak halok bo‘lgan. 6 kishi, jumladan 13 va 15 yoshli ikki o‘smir jarohat olgan, jabrlanganlarning ikki nafari kasalxonaga yotqizilgan.
Kaluga viloyati rahbari Vladislav Shapsha 11-oktabr kechasi va 12-oktabr tongida 8 munitsipal okrug, Kaluga va Obninsk shaharlari atrofida jami 37 dron yo‘q qilinganini aytdi. Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, hududda jabrlanganlar va infratuzilmaviy vayrongarchilik qayd etilmagan. Rostov viloyati gubernatori Yuriy Slyusar esa Kamensk hududida tungi dron hujumi muvaffaqiyatli qaytarilgani, vayrongarchilik hamda jabrlanganlar haqida ma’lumot tushmaganini bildirdi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA