Retsessiya Yevrohudud ittifoqiga tahdid solmoqda
Biz doim ogohlantirib kelgan narsa oʻz tasdigʻini topmoqda: COVID-19 tufayli yuzaga kelgan retsessiya Yevrohudud birligiga tahdid solmoqda”, - dedi u.
Yevrohududda COVID-19 tufayli yuz berayotgan retsessiya yana-da chuqurlashadi va Yevropa hamjamiyatining valyuta ittifoqini parchalab tashlashi mumkin, dedi iqtisodiyot boʻyicha Yevrokomissar Paolo Jentiloni Welt nashriga bergan intervyusida.
“Oxirgi iqtisodiy maʼlumotlar ogohlantirishga xizmat qiladi: retsessiya kutilgandan ham chuqurroq, Yevrohududdagi mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanishi bahorda aytilganidek, bir zayl kechmayapti. Italiya, Fransiya va Ispaniya iqtisodiyoti 10-11 foizga pasayadi. Bu juda ham koʻp. Daniya, Polsha, Shvetsiya yoki Germaniya iqtisodiyoti esa hozircha inqirozga qarshi boshqalardan koʻra tuzukroq turib bermoqda. Bu mamlakatlarda pasayish taxminan 4-6 foiz boʻladi. Biz doim ogohlantirib kelgan narsa oʻz tasdigʻini topmoqda: COVID-19 tufayli yuzaga kelgan retsessiya Yevrohudud birligiga tahdid solmoqda”, - dedi u.
Jentilonining taʼkidlashicha, Yevropa Ittifoqiga aʼzo mamlakatlar iqtisodiyotni oʻnglash uchun imkon qadar tezroq kelishib olishi lozim. “Agar aʼzo mamlakatlar iqtisodiyotni tiklashning kuchli rejasini ishlab chiqsa, bu milliy iqtisodiyotga boʻlgan ishonchni mustahkamlaydi va ushbu ishonchning oʻzi Yevropa Ittifoqi iqtisodiyotining yana-da tezroq tiklanishiga imkon beradi”, - qoʻshimcha qildi u.
Bundan avvalroq Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqining koronavirus keltirgan chuqur inqirozdan chiqib ketishi uchun fond tashkil etish taklifini ilgari surgan edi. Fond miqdori 750 milliard yevro boʻlishi aytilgan. Ushbu mablagʻlar moliya bozorlaridan qarzga olinib, ittifoqqa aʼzo mamlakatlarga grant (500 milliard yevrogacha) yoki kredit tarzda (250 milliard yevrogacha) berish rejasi ilgari surilgandi. Mazkur Fond turli qoʻllab-quvvatlash mexanizmlaridan iborat boʻlib, u vaqtincha faoliyat koʻrsatadi. Taxmin qilinishicha, Fond iqtisodiyotni 2024-yilning oxirigacha qoʻllab-quvvatlaydi.
Yevrokomissiyaning ushbu taklifini Yevropa Ittifoqiga aʼzo mamlakatlar navbat bilan tasdiqlab chiqishi kerak, shuningdek, unga oʻzgartirishlar kiritishi ham mumkin. Biroq taklif hali taqdim etilmay turib, bir qator mamlakatlar fond parametrlari boʻyicha kelisha olmayapti.