Respublika yosh olimlar Kengashi grant sovrindori bo‘ldi
Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyati boshqa Institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan «Millatlararo totuvlik va barqarorlikni ta’minlashda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish» mavzusidagi davlat grantining 5-tanlovi natijalari e’lon qilindi.
Unda «Bag‘rikenglikka barchamiz mas’ulmiz» loyihasi bilan ishtirok etgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi Respublika yosh olimlar Kengashi NNT davlat grantiga loyiq, deb topildi. Mazkur loyiha yoshlar orasida millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish, jamiyatda do‘stlik, o‘zaro hamjihatlik, jipslik, insonparvarlik va bag‘rikenglik madaniyatini mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Loyiha yoshlarni inson huquqlariga ehtirom bilan munosabatda bo‘lishga, insonlarning faqat o‘z manfaatlarini ko‘zlab emas, balki boshqalar ham o‘z huquqlariga ega ekanligini tan olib yashashni anglashga o‘rgatadi.
Ma’lumki, mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilib kelmoqda. Ularning tinch-totuv, ahilligining garovi millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik emasmi? O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonida «Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar» deb nomlangan beshinchi yo‘nalish doirasida millatlararo munosabatlar sohasidagi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari konsepsiyasi va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratilganligini ta’kidlash lozim.
Endilikda grant loyihasi doirasida «Bag‘rikenglikka barchamiz mas’ulmiz» deb nomlangan sodda va tushunarli shaklda maxsus qo‘llanma tayyorlanadi.
Respublika yosh olimlar Kengashi hududiy tashkilotlar bilan hamkorlikda yoshlarning moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan seminarlar tashkil etib boradi. Bag‘rikenglik mavzusida ilmiy ish bilan shug‘ullanish istagini bildirgan yoshlar bilan hamkorlikda ishlanadi. Ular ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tajribali olimlar va tadqiqotchilarga biriktirilib «Ustoz-shogird» an’analari yo‘lga qo‘yiladi. Natijada yoshlar ham nazariy, ham amaliy, ham ilmiy bilimlarga ega bo‘ladi, ilmiy bilimlarini boyitadi.
Mazkur grant orqali jamiyatda ko‘p millatli katta oila his-tuyg‘usini kuchaytirish, respublikamizda yashayotgan turli millat va elat vakillari o‘rtasida do‘stlik va totuvlikni yanada mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash kabi oliy maqsadlarga erishiladi.
O‘zA