Respublika sud ekspertiza markazi Markaziy Osiyoda birinchi boʻlib odam DNKsi sud-biologik ekspertizasini oʻtkazmoqda
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida aytildi.
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida aytildi.
Taʼkidlanganidek, Prezidentimizning 2019-yil 17-yanvardagi “Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq amaliyotda ilk bor nodavlat tashkilotlar tomonidan sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslari yaratildi.
Qarorga asosan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga ham sud ekspertizalarining 44 turini oʻtkazish huquqi berildi. Shuningdek, 2019-2020-yillarda sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha 25 banddan iborat “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi va unga asosan sud-ekspertiza xizmatlari faoliyatining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish, amaliyotga yangi innovatsion ishlanmalarni joriy etish, sud ekspertizalarining turlarini kengaytirish, ularning sifati va ishonchliligini oshirish, sud-ekspertlik faoliyatiga axborot- kommunikatsiya texnologiyalarni joriy qilish, ixtisoslashtirilgan nodavlat sud ekspertiza tashkilotlarini rivojlantirish yoʻnalishlari belgilandi.
– Markaz nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyoda nufuzli sud ekspertiza muassasasi hisoblanib, bugungi kunda keng tarmoqli markazga aylandi, – dedi Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi direktori A.Xalilov. – Biz Markaziy Osiyoda birinchi boʻlib odam DNKsi sud-biologik ekspertizasini oʻtkazishni yoʻlga qoʻydik.
Maʼlumot uchun aytish joiz, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi yangi, zamonaviy talablarga javob beradigan ixtisoslashgan binoda ish boshlagan.