Respublika oʻquv-seminari boshlandi
“Mustahkam oila” trening dasturi va “Baxtli maktablar” loyihasi konsepsiyasini oʻzlashtirish boʻyicha respublika oʻquv-seminari boshlandi
“Mustahkam oila” trening dasturi va “Baxtli maktablar” loyihasi konsepsiyasini oʻzlashtirish boʻyicha respublika oʻquv-seminari boshlandi
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi (UNODC) bilan hamkorlikda oʻquvchilar va oilalar bilan samarali ishlash, qator ijtimoiy-psixologik hayotiy koʻnikmalarni rivojlantirish kabi maqsadlarda “Mustahkam oila” trening dasturi va “Baxtli maktablar” loyihasi konsepsiyasini oʻzlashtirish boʻyicha respublika oʻquv-seminari tashkil etildi.
Loyiha doirasida mamlakatimizning har bir hududda bittadan, jami 14 ta tayanch-trener maktab tanlab olindi va ularda maxsus malakali psixolog va pedagoglar jamoasi hamda oʻquvchi-yoshlar va ularning ota-onalari bilan zamonaviy psixologik-pedagogik texnologiyalar asosida ishlash yoʻlga qoʻyiladi. Har bir hududda tashkil etilgan tayanch-trener maktablar kelgusida oʻziga xos “Baxtli maktab” loyihasi va “Mustahkam oila” trening dasturi tajribasini va ommalashtirish boʻyicha trening markazga aylanishi koʻzda tutilgan.
Loyihaning birinchi bosqichida tayanch-trener maktablar belgilanib olingan boʻlsa, ikkinchi bosqich doirasida tayanch-trener maktablarning 70 nafar (har bir hududdan besh nafar) mutaxassislari Toshkent shahrida 3 kunlik “Baxtli maktab” loyihasini amaliyotga tatbiq etish konsepsiyasi hamda UNODC bilan hamkorlikda samarali sinovdan oʻtkazilgan “Mustahkam oila” trening dasturida ishtirok etdi. Treninglarni xalqaro va milliy psixolog trenerlar olib bordi.
Seminarlar davomida mutaxassislar tomonidan nafaqat “Baxtli maktablarni“ tashkil etish shuningdek, oʻzaro hurmat, yaxshi xulqni ragʻbatlantirish, orzu va maqsadlarga erishish, oʻsmirlarni qoidalarga rioya etishi va ularga toʻgʻri taqiq qoʻyish, oʻquvchi-yoshlarda jinoyatchilik va huqubuzarlik, zoʻravonlik, zararli odatlar(ichish, chekish, giyohvandlik)ga qarshi psixologik immunitetni vujudga keltirish, oilaning psixologik salomatligini yaxshilash, oilalarning, bolalar va yoshlarni har tomonlama rivojlanishiga yordam beradigan eng muhim oilaviy xususiyatlarini yaxshilash, ota-onalarning taʼlim jarayoniga ijobiy taʼsir etishi, oilaviy kelishuv, tengdoshlarning bosimiga qarshilik kabi dolzarb mavzularda yangi bilim va koʻnikmalarga ega boʻladilar.
Ushbu trening natijasida olgan bilimlari asosida mutaxassislar tomonidan tayanch-trener maktablarda muammoli oilalar va tarbiyasi qiyin oʻquvchilar uchun “Mustahkam oila” dasturi asosida muntazam 7 haftalik treninglar tashkil etiladi. Eslatib oʻtish joiz, oʻtgan 2 yil mobaynida Xalq taʼlimi vazirligi va UNODC hamkorligida “Mustahkam oila” trening dasturi boʻyicha Toshkent shahridagi 19 maktabda oʻquvchilar va ularning oilalari bilan treninglar tashkil etildi hamda ijobiy koʻrsatkichlarga erishilgan.
Loyihaning yakuniy bosqichida har bir hududda “Baxtli maktablar” loyihasini ommalashtirish boʻyicha yoʻl xarita tuziladi, unga koʻra avval har bir tuman(shahar)da bittadan tayanch-trener maktablar tashkil etiladi va respublika tajribasi asosida hudud va tuman(shahar)lar miqyosida kaskad usulida 3 kunlik TOT (training of trainers – trenerlar uchun treninglar) tashkil etilishi belgilangan.
Oʻquv-seminar 7 noyabrga qadar davom etadi.