Respublika ko‘rgazmali o‘quv-amaliy seminari bo‘lib o‘tdi
Hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlar izchilligini ta’minlash, dala maydonlarida olib borilayotgan agrotexnik tadbirlarni ko‘zdan kechirish va o‘rganish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ishchi tashrif bilan Jizzax viloyatiga keldi.
Tashrif doirasida Paxtakor tumanidagi “Semrug‘ klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyatda urug‘lik paxta maydonlarida dala aprobatsiyasi ko‘rigini o‘tkazishga bag‘ishlangan Respublika ko‘rgazmali o‘quv-amaliy seminari bo‘lib o‘tdi.
Unda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Respublika urug‘chilikni rivojlantirish markazi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi rahbar va mas’ullari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri hamda barcha viloyatlar hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etishdi.
Ochiq muloqot ruhida o‘tgan seminarda respublikada g‘o‘za urug‘chiligi tizimini yanada takomillashtirish, sohada nazorat mexanizmlarini kuchaytirish, dala aprobatsiyasi ko‘rigini samarali tashkil etish, urug‘lik paxtani terish, qabul qilish va saqlash jarayonlariga qo‘yilayotgan talablar muhokama qilindi.
Bugun urug‘chilikdagi asosiy mezon — urug‘ning o‘zi emas, uning ortida turgan aniq ma’lumot va kafolatlangan natija. Zero, bir urug‘ning navi, sinfi, kelib chiqishi va sifat ko‘rsatkichlari haqidagi ishonchli axborot fermerning tanlovini belgilaydi, tanlov esa hosil taqdirini hal qiladi.
Shu ma’noda, urug‘chilik tizimida raqamlashtirish muhim bosqichga ko‘tarildi. “E-urug‘” axborot tizimi urug‘lik yetishtirish jarayonlarini shaffoflashtirish, boshqaruvni soddalashtirish va tanlovlarni elektron shaklga o‘tkazishga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-martdagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligi sohasida “E-urugʻ” axborot tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan ushbu tizimda urug‘lik yetishtirish huquqi uchun tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazishning aniq tartibi belgilab berildi.
Qaror ijrosi amalda ham o‘z ifodasini topdi. 2025-yilda paxta urug‘ligini yetishtirish bo‘yicha elektron tanlovlar “E-urug‘” axborot tizimiga o‘tkazilib, tanlov natijalari elektron bayonnomalar shaklida rasmiylashtirildi. 2026-yil hosili uchun esa paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlaridan sifatli urug‘lik yetishtiruvchi sub’ektlarni tanlab olish bo‘yicha arizalar 15-yanvardan 5-fevralga qadar mazkur tizim orqali qabul qilindi.
[gallery-30935]
Endilikda fermer urug‘ni shunchaki taklif asosida emas, balki uning tasnifi, sifati va natijadorligi haqidagi ma’lumotlarni o‘rgangan holda tanlash imkoniyatiga ega. Bu esa urug‘lik bozorida mas’uliyatni oshirib, sifatsiz urug‘ bilan sifatli hosil o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etishga xizmat qiladi.
— Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazida bugungi kunda 55 ta navni sinash stansiyasi uchastkalari faoliyat yuritib, ularda asosan qishloq xo‘jalik ekinlarining yangi nav va duragaylari sinovdan o‘tadi, – deydi Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi direktori Ozod Masihov. – Paxtachilik bo‘yicha 33 ta navni sinash stansiyamiz paxtachilik yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan, barcha jarayonlar raqamlashtirilgan. “navagrotest.uz” platformasi orqali mahalliy va xorijiy navlarni sinovga berayotgan nav originatorlari hujjatlarni joylashtiradi, agrotexnik tadbirlarning barcha jarayonlari ham tizimga kiritib boriladi. Joriy yilda 54 ta paxta navimiz sinovdan o‘tyapti. Shundan 20 ta xorijiy nav va 34 ta mahalliy nav sinovdan o‘tyapti. Asosiy maqsadimiz — sinovdan yaxshi natija bergan, ya’ni andozadan ustun bo‘lgan navlarni ekspert komissiyasida ko‘rib chiqib, davlat reyestriga kiritishni yo‘lga qo‘yish.
Bugun mazkur markaz tizimida 55 ta navni sinash stansiyasi va uchastkalari faoliyat yuritayotgani rasmiy ma’lumotlarda ham qayd etilgan. “navagrotest.uz” orqali navlarni masofadan sinovga berish va davlat reyestri bilan bog‘liq jarayonlarni raqamlashtirish imkoniyati yaratilgan.
Seminarda urug‘chilik sohasida 2027-yildan boshlab joriy etilishi rejalashtirilayotgan yangi royalti tizimi (navdan foydalanish haqi) hamda g‘o‘za urug‘chiligida ilk bor dala aprobatsiyasini raqamli formatga o‘tkazish amaliyoti ham taqdim etildi.
Royalti tizimi g‘o‘za navlaridan litsenziya shartnomasi asosida foydalanishda nav originatorining huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan. Amaldagi tartibda urug‘liklar uchun to‘lanadigan ustama mablag‘lar sub’ektlar o‘rtasida kelishuv asosida, biroq 3–12 foiz royalti to‘lovlaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanishi nazarda tutilgan. Bu norma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-dekabrdagi “Paxtachilikda urug‘chilik tizimini rivojlantirish hamda paxta hosildorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Dala aprobatsiyasining raqamli formatga o‘tkazilishi esa yana bir muhim qadamdir. Bunda daladagi navdorlik planshet orqali baholanib, ma’lumotlar elektron tizimga kiritiladi, aprobatsiya dalolatnomasi avtomatik shakllantiriladi. Keyinchalik mazkur dalolatnoma asosida navdorlik guvohnomasi va urug‘likning asosiy sifat ko‘rsatkichlarini aks ettiruvchi QR-kod beriladi.
Bu yangilikning ahamiyati shundaki, urug‘likning daladagi holatidan tortib, uning hujjatlarigacha bo‘lgan jarayon inson omili ta’sirini kamaytirgan holda yagona raqamli zanjirga birlashtiriladi. Natijada nazoratning aniqligi, ma’lumotlarning ishonchliligi va urug‘likning kelib chiqishini kuzatish imkoniyati ortadi.
Paxtachilik qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan har bir tumanda davom etayotgan seminarda mutaxassislar dala aprobatsiyasini tashkil etishning amaliy jihatlarini ko‘rsatib bermoqda. Ishtirokchilar bilan sohadagi mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda.
Zero, urug‘chilikda sifat — daladan, ishonch esa aniq ma’lumotdan boshlanadi. Bugun raqamli texnologiyalar shu ikki mezonni bir nuqtada birlashtirmoqda. Ertaga esa har bir urug‘ning tarixi, sifati va natijasi haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lish oddiy amaliyotga aylanishi kutilmoqda.
Shu kabi o‘quv-seminarlar viloyatning boshqa hududlarida ham bo‘lib o‘tmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari