Rektorlar maktab bitiruvchilari bilan uchrashdi
Andijon shahridagi 1-umumta’lim maktabida viloyatdagi davlat oliy ta’lim muassasalari rektorlarining umumta’lim maktablari bitiruvchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 15-16 fevral kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida yoshlarning ta’limdan keyingi bandligini ta’minlash va mehnat bozoriga tayyorlash masalasiga alohida to‘xtalib, bu borada qator vazifalar belgilab bergan edi.
Ana shu vazifalardan kelib chiqib, Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Komiljon Komilov boshchiligida o‘tkazilgan uchrashuvda so‘z olganlar tomonidan mamlakatimizda yoshlarning o‘qishi, puxta bilim olishi uchun, shuningdek, ularni ta’limning kelgusi bosqichiga jalb etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
[gallery-16090]
Uchrashuvda viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari rektorlari tomonidan umumta’lim maktablari bitiruvchilariga maktabni tamomlaganlaridan so‘ng oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni davom ettirish bilan bog‘liq jarayonlar haqida ma’lumotlar, taklif va tavsiyalar berildi.
Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda bitiruvchi yoshlarni qiziqtirgan savollarga rektorlar batafsil javob qaytardi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari