Reklama eskizlaridagi 106 ta kamchilik bartaraf etildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tashqi reklamani joylashtirish sohasidagi faoliyatni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida Raqobat qo‘mitasi huzuridagi "Raqamli transformatsiya va autsorsing markazi" davlat muassasasiga reklama bozori sub’ektlarini oldindan ogohlantirishni ta’minlash va profilaktika samaradorligini oshirish vazifalari belgilangan.
Mazkur vakolatlar doirasida Markaz tomonidan shartnoma asosida taqdim etilgan reklama materiallarining g‘oyasi, mavzusi va eskizlari reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqligi yuzasidan ko‘rib chiqilib, tegishli xulosalar berib borilmoqda.
Xususan, 2026-yil avgust oyiga qadar Markazga 106 ga yaqin reklama materiallari eskizlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularning 55 ga yaqini tijorat banklari tomonidan taqdim etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 43-moddasi talablarida moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish uchun shartnomalarning muhim shartlarini ochib berishi kerakligi belgilab berilgan.
Biroq murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonida tijorat banklari tomonidan taqdim etilgan reklama eskizlarida shartnomaning muhim shartlari ochib berilmagani aniqlandi. Ya’ni kredit, omonat xizmatlari, ularning muddati, to‘liq foiz stavkasi, summalari va boshqa muhim shartlari haqida ma’lumot berilmagan. Reklama axborotlarida bu shartlarni ko‘rsatilmay tarqatilishi iste’molchini xizmat turlaridan foydalanganda chalg‘ishiga yoki huquqlarini buzilishiga ham olib kelishi mumkin.
Bunday muhim ma’lumotlarning reklamada to‘liq aks ettirilmasligi iste’molchida moliyaviy xizmat shartlari haqida noto‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmagan tasavvur shakllanishiga, shuningdek, xizmatni tanlashda chalg‘ishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu munosabat bilan Markaz tomonidan murojaat qilgan tijorat banklariga reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablari yuzasidan tegishli tushuntirish va tavsiyalar berildi.
Natijada reklama materiallari eskizlarida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilib, ularning amaldagi reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirilishi yuzasidan tegishli xulosalar berildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA