Registondan Ko‘ksaroygacha tantanali yurish
Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiylar va sportchilarning tantanali yurishi o‘tkazildi.
Samarqand viloyati hokimligi, Markaziy harbiy okrug va boshqa tashkilotlar hamkorligida “Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakatimiz tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostida tashkil etilgan tadbir shahardagi Islom Karimov xiyobonidan boshlandi.
Ishtirokchilar Registon ko‘chasi orqali harakatlanib, Ko‘ksaroy maydoniga qadar saf qo‘shiqlari aytib, harbiy texnikalarni boshqarib bordi.
[gallery-21221]
Maydonda o‘tkazilgan marosimda Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni o‘rinbosari Qahramon Ochilov va boshqalar shu kunlarda yurtimizda davom etayotgan vatanparlik oyligi doirasidagi tadbirlar, mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda milliy armiyamiz salohiyati haqida so‘z yuritdi.
Tadbir doirasida harbiylarning saf va qo‘l jangi bo‘yicha sahnalashtirilgan chiqishlari namoyish etildi. Viloyat musiqali drama teatri ijodkorlarining chiqishlari ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Ko‘ksaroy maydonida harbiylar hamda boshqa kuch tuzilmalarining qurol-aslahalari ko‘rgazmasi namoyish etildi. Aholi, xususan, yoshlar jangovar texnika va qurollar bilan yaqindan tanishib, harbiylarning sharafli vazifalariga oid qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
– Harbiy bo‘lib Vatanni himoya qilish, yurt sarhadlarini qo‘riqlash har bir inson uchun ulkan sharaf, – deydi oqdaryolik Chinoz Bahodirov. – Egniga bunday liboy kiygan kishining nigohi o‘tkir, qadamlari shaxdam, qalbida g‘urur bo‘ladi. Ular bilan uchrashganingizda, suhbatlashganingizda bu hislar sizga ham o‘tadi. Shuning uchun bugungi tadbirga nevaralarimni ham olib kelib, ularni harbiylar hayoti, ishi bilan tanishtiryapman. Chunki farzandlarimiz qalbida Vatanimizga muhabbat mustahkam bo‘lishini istayman.
Bu kabi tadbirlar viloyat bo‘ylab davom etmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari