Referendumning joriy natijalari ma’lum qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda referendumda ovoz berish jarayonlarining borishi haqida ma’lumotlar taqdim etildi va joriy natijalari ma’lum qilindi.
30 aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi uchastkalarda ovoz berish yakunlandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 30 aprel soat 17:00 holatiga ko‘ra ovoz berganlar soni 15 million 802 ming 95 nafarni tashkil etdi. Bu jami ovoz beruvchilarning 81,39 foizi demakdir. Vladivostok, Tokio, Seul, Kvandju, Pekin, Shanxay, Guandjou, Kuala-Lumpur va Singapur shaharlaridagi referendum uchastkalarida ovoz berish jarayonlari yakunlandi.
Toshkent vaqti bilan soat 17:00 da AQSHning Vashington va Nyu-Yorkdagi referendum uchastkalarida ovoz berish boshlandi. Ayrim xorijiy mamlakatlarda tuzilgan referendum uchastkalarida ovoz berish jarayoni davom etmoqda. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi referendumi bo‘yicha yakuniy natijalar 2023 yil 1 may kuni e’lon qilinadi.

Qayd etish joizki, xorijiy davlatlardagi referendum uchastkalarida 307 ming 895 nafar fuqaro ovoz beruvchilar ro‘yxatiga kiritilgan. Shulardan 159 ming 276 nafari muddatidan oldin ovoz bergan.
Referendum o‘tkazish jarayonlarida hamda ovozlarni sanab chiqishda xalqaro kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Muhtarama KOMILOVA, O‘zA