“Real” transfer xarajatlari rekordini yangiladi
Madridning “Real” klubi bir transfer oynasida yangi futbolchilarni xarid qilish uchun sarflangan xarajatlar rekordini yangiladi.
Madridning “Real” klubi bir transfer oynasida yangi futbolchilarni xarid qilish uchun sarflangan xarajatlar rekordini yangiladi.
www.footboom.com nashrining xabar berishicha, “Real” 2019 yilning yozida tarkibini kuchaytirishga hozirning o‘zida 303 million yevro sarflagan. Jumladan “qirollik klubi” Eden Azarni “Chelsi”dan 100 million yevroga xarid qilgan bo‘lsa, Luka Yovichning transferi (“Ayntraxt”, Frankfurt) 60 million yevroga amalga oshirildi. Shuningdek, Eder Militao (“Portu”, 50 mln. yevro), Ferlan Mendi (“Lion”, 48 mln. yevro) va Rodrigo (“Santos”, 45 mln. yevro) xarid qilindi.
Shu tariqa “Real” klub bundan 10 yil avval o‘rnatilgan rekordini yangiladi. 2009 yilda “qirollik klubi” yangi futbolchilar xaridi uchun 258,5 million yevro sarflagan edi. O‘shanda Krishtianu Ronaldu (“Manchester Yunayted”, 94 mln. yevro), Kaka (“Milan”, 67 mln. yevro), Karima Benzema (“Lion”, 35 mln. yevro), Xabi Alonso (“Liverpul”, 34,5 mln. yevro), Raul Albiol (“Valensiya”, 15 mln. yevro), Alvaro Negredo (“Almeriya”, 5 mln. yevro), Alvaro Arbeloa (“Liverpul”, 4 mln. yevro) hamda Esteban Granero (“Xetafe”, 4 mln. yevro) kabi futbolchilarning transferi amalga oshirilgan edi.
Darvoqe, “Real” joriy transfer bozorida shu xaridlar bilan cheklanib qolmoqchi emas. Hozirda jamoa o‘rta chiziqqa “Manchester Yunayted”ning fransiyalik legioneri Pol Pogbani xarid qilish yuzasidan muzokaralar olib bormoqda.