«Real» ijtimoiy tarmoqlardagi auditoriya bo‘yicha dunyoda yetakchi
Top-100 reytingidan Okeaniyadan tashqari barcha qit’alardan jami 25 mamlakat klublari joy olgan.
CIES Football Observatoryning navbatdagi hisobotiga ko‘ra, futbol klublari dunyoning eng yirik ijtimoiy tarmoqlarida auditoriyasini oshirishda davom etmoqda. Reytingda Ispaniyaning ikki grandi yaqqol peshqadamlik qilmoqda.
Madridning «Real» klubi 487,6 million obunachi bilan birinchi o‘rinni egallagan. «Barselona» 441,8 million bilan ikkinchi, «Manchester Yunayted» esa 238,6 million obunachi bilan uchinchi pog‘onadan joy olgan.
Top-10dan shuningdek «PSJ», «Manchester Siti», «Liverpul», «Yuventus», «Bavariya», «Chelsi» va «Arsenal» klublari o‘rin olgan. Ushbu o‘ntalikda yil davomida auditoriyasi eng ko‘p oshgan klub «Bavariya» bo‘ldi — 10,8 foiz.
Top-100 reytingidan Okeaniyadan tashqari barcha qit’alardan jami 25 mamlakat klublari joy olgan. Eng ko‘p vakil Ispaniya — 21 ta, Angliya — 17 ta va Braziliya — 11 ta klub bilan qayd etilgan.
Yevropadan tashqaridagi eng mashhur klublar esa quyidagilar:
«Flamengo» (Braziliya) — 71,6 million;
«Al-Nassr» (Saudiya Arabistoni) — 66 million;
«Al-Ahli» (Misr) — 60,1 million obunachi.