“Real” Diomande transferi uchun jami 230 million yevro sarflaydi
Mundo Deportivo ma’lumotiga ko‘ra, transferning o‘zi 130 million yevroga baholangan.
Madridning “Real” klubi ivuarlik himoyachi Yan Diomande transferi uchun maosh va soliqlarni hisobga olganda jami 230 million yevroga yaqin mablag‘ sarflaydi.
Mundo Deportivo ma’lumotiga ko‘ra, transferning o‘zi 130 million yevroga baholangan. Madridliklar 105 million yevroni kafolatlangan summa sifatida to‘laydi, yana 25 million yevro turli bonuslar ko‘rinishida berilishi mumkin.
Diomande “Real” bilan 2033-yil 30-iyungacha mo‘ljallangan yetti yillik shartnoma imzolaydi. Futbolchining soliqlardan keyingi yillik maoshi taxminan 7 million yevroni tashkil qiladi.
Klub yetti yil davomida futbolchining maoshi uchun soliqlar bilan birga jami 98 million yevro sarflaydi. Shundan 49 million yevrosi soliq to‘lovlariga to‘g‘ri keladi.
Shu tariqa, barcha xarajatlar qo‘shib hisoblanganda, “Real” uchun Diomande transferining umumiy qiymati qariyb 230 million yevroga yetadi va bu klub tarixidagi eng qimmat bitimlardan biriga aylanadi.