RCP dasturi qanday loyihalarni moliyalashtiradi?
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Jahon Banki “O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” (“MUNIS”) loyihasini amalga oshirish guruhi tomonidan innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Research Commercialization Program (RCP)” tanlov grant dasturini e’lon qilish rejalashtirilgan.
RCP dasturining maqsadi – biznes konsepsiyasini mavjud va kichik hajmdagi prototip yaratish bosqichidagi ilmiy-tadqiqot va ishlanmalar natijalarini tijoratlashtirishga yoʻnaltirilgan loyihalarni moliyalashtirish, tijoratlashtirish salohiyatiga ega boʻlgan loyihalarni konsultatsion qoʻllab-quvvatlashdan iborat.

Poytaxtda Jahon Bankining “Oʻzbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” (MUNIS) loyihasi doirasida ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish boʻyicha biznes-loyihalarni grant asosida moliyalashtirishga bagʻishlangan seminar tashkil etildi. Seminarda Jahon Bankining xalqaro ekspertlari tomonidan tanlov shartlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Tanlov shartlari, talablari va yoʻnalishlari, ariza topshirish va ekspertiza jarayonlari boʻyicha batafsil maʼlumotlarni taqdim etishga qaratilgan amaliy dasturni ishga tushirishga tayyorgarlik koʻrish hamda potensial talabgorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida seminar joriy yilning 5, 7, 12 va 14-dekabr kunlari “INNO” texnoparkida onlayn va oflayn shakllarda tashkil etildi.

Ushbu seminarlarda RCP dasturi haqida umumiy maʼlumot berildi, hamda arizalarni topshirish, ularni koʻrib chiqish tartibi, hamda grant shartlari va talablari kabi masalalar qamrab olindi. Tadbirlarning yakuniy qismida Q&A sessiyalari boʻlib oʻtdi va ularda ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga javob berildi. Seminarlarda jami 500 nafardan ortiq tinglovchi, xususan, OTMlar, ilmiy tashkilotlar va xususiy sektor vakillari, shuningdek, olim-tadqiqotchilar va yosh startapchilar ishtirok etishdi.
Muhayyo Toshqorayeva,
OʻzA