Rassomlar nigohidagi “Sharqona ohanglar”
O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligiga bag‘ishlangan “Sharqona ohanglar” deb nomlangan ko‘rgazma tashkil etildi.
Ko‘rgazmada mamlakatimiz tasviriy san’atining darg‘alari bo‘lishi bilan birga o‘z ijodiy uslubi va yo‘liga ega rassomlar N.Xolmatov, Sh.Shoahmedov, U.Qosimov, M.Sobirov, B.Hojimetov, R.To‘xtayev, G‘.Otaboyev, D.Po‘latova kabi ijodkorlar bilan bir qatorda R.Aliboyev, B.Dedashev, Sh.Orifboyev, S.Jalilova, D.Hoshimova, N.Ahmadaliyeva kabi yosh miniatyurachi rassomlarning ijodi bilan tanishish mumkin.
[gallery-15826]
Ko‘rgazma ekspozitsiyasida mumtoz yo‘nalishdagi miniatyura va naqqoshlik asarlari, shuningdek, miniatyura an’analariga tayangan holda yangi uslub va yo‘nalishdagi ijodiy asarlar ham namoyish etilmoqda. Bundan tashqari kompyuter texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda miniatyura asarlarini ishlash bo‘yicha video darslar, animatsion loyihalar ham o‘rin olgan.
E’tiborga molik jihati, ko‘rgazmada namoyish etilayotgan asarlar XV-XVI asrlar mumtoz miniatyurasi, noan’anaviy, dastgohli miniatyura kabi turli yo‘nalish va uslublarda ishlangan. Rassomlarning asarlarida tarixiy, maishiy, zamonaviy mavzulardagi kompozitsiyalarni ko‘rish mumkin. Bu badiiy asarlar qog‘oz, toshqog‘oz, teri, mato, yog‘och, lakli pannolardagi katta va kichik hajmdagi kompozitsiyalarda o‘z aksini topgan.
N.Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA